Eronda toshbo’ronga loyiq ko’rilgan ayol aybini tan oldi

  • Amerika Ovozi

Eron matbuoti xabariga ko’ra, toshbo’ron qilishga hukm etilgan ayol – Sakina Muhammadiy Ashtiyaniy aybiga iqror bo’lgan. U xiyonatda, erining o’limidan so’ng ikki erkak bilan ishqiy aloqada bo’lganlikda ayblab kelinadi.

Eron televideniyesi bugun video-intervyuni efirga uzatgan. Undagi ayol Sakina Muhammadiy Ashtiyaniy ekani aytiladi, biroq yuzi ko’rsatilmaydi. Suhbat chog’ida juvon erining qarindoshi bilan ishqiy munosabatda bo’lganini, va umr yo’ldoshidan qutulish, uni o’ldirish yo’llarini izlaganini aytadi.

Shu paytgacha Sakina Ashtiyaniy ayblovni inkor etib kelgan edi. U intervyu davomida o’z advokati, mazkur ish haqida ommani xabardor qilgan Muhammad Mustafoiyni tanqid qilgan. Advokat ayni damda Norvegiyadan siyosiy boshpana so’ramoqda.

Huquq himoyachilarining aytishicha, Sakina intervyudan oldin ikki kun to’xtovsiz qiynoqqa solingan. Suhbat ayolni tezda qatl etish uchun vaj bo’lib xizmat qilishi mumkin, deydi ular.

Jahon ommasi Ashtiyaniy taqdiridan xabar topgach, o’tgan oy Eron rasmiylari toshbo’ron qilish haqidagi hukmni bekor qilgan edi. Biroq ayol boshqa usul bilan jazolanishi, jumladan, dorga osilishi mumkin.

Bu orada Eron Oliy sudi muxolifatga a’zo bir necha faolni “Allohning dushmani” deya oliy jazoga mahkum etgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton hafta boshida qilgan nutqida Sakina Ashtiyaniy va faollar hayotidan xavotir bildirgan edi. Tergov ochiq, adolatli o’tishi, Eron konstitutsiyasi, xalqaro qonunlarga amal qilinishi lozim, deydi u.

Behruz Kozimiyning otasi Jafar Kozimiy qamoqdagi faollardan biri.

“Otam qo’lga tushganidan beri qiynoqqa solib kelinadi”, - deydi u. Uch haftadan beri rasmiylar mahbusning oldiga hech kimni kiritmay qo’ygan.

Jafar Kozimiydan tashqari yana olti kishi jazosini kutmoqda. Advokatlarning aytishicha, Oliy sud hukmni ma’qullagan va ular tez kunda qatl etilishi mumkin.

Faollar deydiki, mahbuslarning advokatlari vaziyatni o’zgartira olishi gumon. Aksariyat hollarda ular suddan bir necha daqiqa oldin jinoiy ish tafsilotlari bilan tanishish imkoniga ega bo’ladi. Mahbus bilan deyarli muloqot bo’lmaydi. Adolat emas, maynavozchilik bu, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG