Eron AQShning terrorizmga doir hisobotini tanqid qildi

  • Amerika Ovozi

Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy

Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy

AQSh Davlat departamenti Eronni bu yilgi hisobotida ham dunyoning terrorizmni qo'llab-quvvatlovchi eng yetakchi homiy davlat deb belgilagani Tehron tanqidiga uchradi.

Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Husayn Jabbor Ansariyning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ittifoqchisi bo'lmish Saudiya Arabistoni terrorizmni moliyalashda yetakchi davlat, ammo Vashington bunga ko'z yummoqda.

"AQShning mintaqadagi ittifoqchilari turli yo'llar bilan Daish va boshqa terror guruhlarini qo'llayotgan bir paytda Eron Iroq va Suriyada terrorga qarshi kurashning oldingi qatorlaridadir", - dedi u.

Davlat departamentining hisoboti 2-iyun chop etildi. Unda aytilishicha, Tehron o'tgan yili G'azoda falastinlik jangarilarga yordamini oshirgan hamda Suriyada Prezident Bashar Assad hukumatiga yordam berayotgan Hizbulloh jangchilari ortida turibdi.

AQShga ko'ra, Eron bu hamda Isroilga qarshi bo'lgan XAMAS guruhini qurol va pul bilan ta'minlamoqda.

Tehron falastinliklar Isroil istilosiga qarshi kurashga haqqi bor, deya ularni qo'llab-quvvatlayotganini himoya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG