AQSh Eronning BMTdagi yangi elchisiga viza bermaydi

  • Amerika Ovozi

BMT qarorgohi, Nyu-York

BMT qarorgohi, Nyu-York

Amerika bu shaxsga hech qachon viza berilmaydi deya ogohlantirsa-da, Eron Birlashgan Millatlar Tashkilotiga elchisi sifatida tanlagan odamini o’zgartirmoqchi emas.

Hamid Abutolibiy Tehronning BMTdagi yangi vakili bo’ladi, vassalom, deya bayon qilmoqda Eron Tashqi ishlar vazirligi.

Vashington esa bu shaxsni 1979-yilda Tehronda AQSh elchixonasiga qilingan hujumda muhim rol o’ynagan odamlardan biri deb biladi. Abutolibiy - Amerikaning 52 diplomatini 444 kun garovda saqlagan kishilardan biri.

Eron rasmiylarining aytishicha esa Abutolibiy faqat tarjimon bo’lgan va muzokaralarda qatnashgan.

Abutolibiy o’z davlatining Belgiya, Yevropa Ittifoqi, Italiya va Avstraliyadagi elchisi bo’lgan.

Lekin Oq uyning qayd etishicha, unga Amerika vizasi hech qachon berilmaydi. Bu degani Abutolibiy Nyu-Yorkka, BMT bosh qarorgohi joylashgan shaharga kela olmaydi.

Tehron esa masala yuzasidan BMT Bosh kotibiga shikoyat qilmoqda, Amerikani shantajda ayblamoqda. BMT a’zolari elchi sifatida o’zi xohlagan odamini tanlay olishi va uni safarbar etish imkoniyatiga ega bo’lishi shart, deyiladi shikoyatnomada.

Prezident Barak Obama esa Abutolibiy singari shaxslarning Amerika sarhadiga yaqinlashtiraydigan qonunga imzo chekkan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG