Pan Gi Mun Eronda Suriya, yadro dasturi va huquqdan so’zladi

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Eron rahbariyatini Suriyadagi krizisni hal qilishda Assad rejimiga ta’sirini ishga solishga da’vat etmoqda.

Bosh kotib, shuningdek, islomiy respublikani yadroviy izlanishlari tinch maqsadni ko’zlashini isbotlashga undadi.

BMT rahbari Tehronda Qo’shilmaslik harakati, ya’ni biror yirik blokka kirmagan 120 mamlakat sammitida ishtirok etmoqda.

Uning matbuot kotibi Martin Nesirskiyning aytishicha, anjuman Eron yetakchilari bilan qator muhim masalalar, Suriya urushi, islomiy respublika yadro dasturi va inson huquqlari borasida gaplashish uchun noyob imkoniyat.

Pan Gi Mun kecha Eron Oliy diniy rahnamosi Ali Xameneiy, prezident Mahmud Ahmadinajod, parlament spikeri Ali Larijoniy va Oliy xavfsizlik kengashi raisi Said Jaliliy bilan alohida ko’rishgan.

Nesirskiy so’zlariga ko’ra, Pan Gi Mun Eronni salobati va nufuzini samarali qo’llab, Suriyada qon to’kishlarni tugatishga va siyosiy islohotlarga yo’l ochishga hissa qo’shing, deya undagan.

“Dialog uchun imkoniyat yaratish, Suriya xalqi talablariga javob beradigan o’zgarishlar boshlashga yordam haqida gap ketgan. Bosh kotib mojaro yanada qonli tus olishiga qarshi ekan, davlatlarni Suriyaga qurol uzatishni bas qilishga undagan”, - deydi Nesirskiy.

Bu mamlakatda qo’zg’olon va olishuvlar 18 oydan beri davom etar ekan, Eron prezident Bashar al-Assadni yoqlab keldi, G’arb va Fors ko’rfazidagi sunniy davlatlarni esa isyonchilarni moliyalab, tanazzulni cho’zib kelayotganlikda ayblaydi.

Tehrondagi sammit paytida islomiy respublika sulh va uch oylik muzokara taklifi bilan chiqishi kutilmoqda.

Salkam 100 ming suriyalik qochqinga boshpana bergan Turkiya Suriyada “xavfsiz zonalar” yaratish tarafdori. BMT Xavfsizlik Kengashi bugun Suriyadagi gumanitar ahvol borasida majlis qilishi kerak.



Qochqinlar og’irini eng ko’p ko’tarayotgan ikki davlat, Turkiya va Iordaniya rasmiylari 15 kishilik kengashda alohida so’zga chiqadi.

Pan Gi Mun Tehronda uranni boyitish dasturi haqida ham gaplashmoqda, deydi bosh kotib matbuot kotibi Martin Nesirskiy. “Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikka izlanishlar tinch maqsadni ko’zlashini isbotlang. O’zaro hurmat asosida ishlaylik”, - deya da’vat etgan BMT rahbari.

Tehrondagi sammit ertaga nihoyasiga yetadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG