Isroil Eronni bahorda nishonga olishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Isroil Eronni bahorda nishonga olishi mumkin

Isroil Eronni bahorda nishonga olishi mumkin

AQSh razvedkasi bergan ma’lumotlarga ko’ra, Eron atom dasturini rivojlantirishda davom etmoqda va atom bombasi yaratishi mumkin. Muammoni hal etish uchun G’arb tanlagan yo’l – sanksiyalar, ammo harbiy chora ham bot-bot tilga olinadi.

Eron ko’zlagan maqsadlar oydinlashgan sari, G’arb bilan munosabatlar ham taranglashib bormoqda.

Yadroviy zavodlarimiz energiya ishlab chiqarishga moslangan, deydi Eron rahbariyati. Ammo xalqaro atom boshqarmasi teskari xulosaga kelgan. Jeyms Klepper, AQSh razvedka idoralari direktori yaqinda Kongressga hisobot berdi.

“Yadroviy izlanishlar Eronda bir zum to’xtagani yo’q. Biroq fikrimizcha, hali atom quroli yaratishgacha bormagan”, - dedi u.

So’nggi oylarda islomiy respublika uran boyitishni yer osti laboratoriyalarga ko’chirgani ma’lum. Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, qisqa vaqt ichida bomba yaratishi ham mumkin, deydi Amerika biznes instituti olimi Masih Zarif.

Yer ostidagi yadroviy laboratoriyalar

Yer ostidagi yadroviy laboratoriyalar

“Taxminimizcha, 2012-yilning yoziga borib Eron qo’lida zarur miqdorda boyitilgan uran moddasi bo’ladi. Ikki-yarim oy ichida bitta atom bombasi yasashga yetarli”.

Isroil nazarida esa qo’shni davlat undanda ko’p qurol uchun uran g’amlab qo’ygan bo’lishi mumkin.

Yaqin Sharqda ballistik raketalar soni bo’yicha Eronga teng keladigani yo’q. Atom qurolini mo’ljalga eltadigan ham ana shu qisqa va uzoq masofali raketalar.

“Islomiy tuzum bu yo’ldan qaytishiga ishonch yo’qolib boryapti. Amaldagi rahbarlar fikridan qaytmaydi shekilli”, - deydi Ron Vayden, AQSh Senatining razvedka qo’mitasi a’zosi.

Hozir G’arb bilan aloqalar shu qadar tarangki, Eron AQShning xorijdagi manfaatlariga zarba berishga ham tayyor, deydi razvedkachilar. O’tgan yili Eron Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchisiga qarshi suiqasd xurujida ayblangan edi. Jinoyatni Eron harbiylari rejalagani va moliyalagani aytiladi.

Isroil Eronni bahorda nishonga olishi mumkin

Isroil Eronni bahorda nishonga olishi mumkin

“Bu shundan dalolatki, islom respublikasi agressiv harakatlarga o’tgan. AQShda jinoyat rejalab, tavakkal qilishdan qo’rqmaydi”, - deydi tahlilchi Masih Zarif.

Qo’shma Shtatlar yaqinda Eron markaziy banki kuchli sanksiyalar qo’ydi. Yevropa Ittifoqi shu yili yozga borib neft embargosi joriy etadi. Eron milliy valyutasi – rial qiymati tushib bormoqda. Mamlakatda inflyatsiya yuqori, deydi AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Deyvid Petreus.

“Xulosa qilib aytish mumkin, xalqaro sanksiyalar ish beryapti”.

Bosimga javoban, Eron stragetik sanalmish Xo’rmuz bo’g’ozini yopishi haqida ogohlantirgan. Biroq AQSh ham javob chorasi ko’rishini aytib kelmoqda. Taranglik urushga yetaklamasa bo’lgani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG