Eron atom dasturini vaqtincha muzlatadi

  • Amerika Ovozi

Eron bilan murosa AQSh prezidenti Barak Obama uchun katta yutuq

Eron bilan murosa AQSh prezidenti Barak Obama uchun katta yutuq

Eron va dunyoning olti yetakchi davlati, AQSh, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy va Rossiya murosaga erishdi: Tehron o'z atom dasturini to'xtatadi.

"Kelishdik",- deydi Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif, Jenevada besh kun davom etgan muzokaralardan chiqar ekan.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius ham "yes" deb ijobiy ishora qildi.

G'arb Eronga nisbatan qo'yilgan sanksiyalarni yumshatishga tayyor. Neft savdosidan tushgan daromadning bir qismi, ya'ni xorijda muzlatilgan mablag'lardan 4,2 milliard dollari Tehronga qaytariladi. Uzoq yillik sanksiyalar uning iqtisodini ishdan chiqargan.

Kelasi olti oy sinov davri bo'ladi. Va'dalar bajarilmasa, bitim tabiiyki bekor qilinadi.

Muddao pirovardida Tehron atom quroli yaratmasligini ta'minlash, deydi Amerika rahbari Barak Obama.

Oq uydan turib bugungi murosani olqishlar ekan, muloqot to'xtamaydi, aksincha aloqani mustahkamlab, xalqaro hamjamiyat Eron bilan uning yadroviy dasturi yuzasidan boshqa qator kelishuvlarga kelish niyatida, deya ta'kidladi prezident.

Bugungi muzokara 11 soat davom etdi. Diplomatlar qattiq ishladi, deydi Obama va dialog samara berishi mumkinligini isbotladi.

"Bu sa'y-harakatlar dunyo tinchligini ta'minlash va azaliy nifoqlarga chek qo'yish uchun qilinmoqda. Maqsad barqarorlik va farovonlik bo'lsa, til topishishga majburmiz", - deydi u.

Sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi paytida Eron va AQSh rahbarlari telefonda gaplashib, yuzma-yuz diplomatik muzokaralar tarafdori ekanini qayd etgan edi.

Tehron va Vashington 1979-yildan beri o'zaro rishtalarga ega emas. Uranni boyitib kelayotgan Eron, Amerika nazarida, yadroviy bomba ustida ishlayotgan bo'lishi mumkin va buni "atom energiyasi sanoatining bir qismi" deya yashirib kelmoqda, degan gumon kuchli.

Islomiy respublika bu ayblovni inkor etadi va atom dasturidan maqsad faqat tinchlik deya ishontirishga urinadi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Tehron harakatlarini ko'p marta qoralagan, turli cheklovlar qo'ygan. Inspektorlarga tekshiruv uchun ruxsat berilmagani xalqaro maydonda keskin qarshilikka uchrab keladi.

Shu bois ham bugungi kelishuv tarixiy ahamiyatga ega voqea, deydi Obama. Davlatlar Tehron so'zida turadi degan umidda.

Boshqa davlatlar singari Eron ham atom energiyasi ishlab chiqarish huquqiga ega, lekin unga nisbatan ishonch past, deydi Obama. Kelayotgan yarim yil bu mamlakat uchun noyob imkoniyat, deydi u.

Sanksiyalar kelasi olti oy ichida yumshatiladi, ayrimlari butkul bekor qilinishi mumkin. Tafsilotlar hali ma'lim qilinmagan. Neft eksporti va moliyaviy hisoblarga nisbatan cheklovlar joyida qoladi, deydi diplomatlar. Ularni olib tashlash uchun Eron o'z siyosatini keskin o'zgartirishi kerak bo'ladi. Tomonlar astalik bilan qadam tashlamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG