Eron "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlikka tayyormi?

  • Amerika Ovozi

ISIS & Iran Flags

ISIS & Iran Flags

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, Eron bilan xalqaro miqyosda yadroviy bitim imzolanganidan so'ng ekstremizmga qarshi kurashda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay muhit va kayfiyat mavjud.

Obama ma'muriyati ham yadroviy bitim Eronga mintaqaviy jarayonlarda faolroq rol o'ynash imkonini berishi mumkinligiga ishora qilgan. Bungacha Qo'shma Shtatlar Tehronni regional muhokamalarga yaqinlatmay kelayotgan edi.

Eron vaziri olti tomonlama muzokaralarda erishilgan kelishuvni diplomatik muvaffaqiyat sifatida baholar ekan, ekstremizmga qarshi kurashda kattaroq imkoniyatlarga yo'l ochilganini aytadi. Al-Qoida va "Islomiy davlat"ni dushman deb bilgan Tehron AQSh olib borayotgan kampaniyaga qo'shilishi mumkin degan taxminlar mavjud.

Javod Zarifning aytishicha, Eron bu ikki guruh bilan azaldan kurashib keladi va aynan Tehron harakatlari bois Bag'dod va Irbil "Islomiy davlat" hujumlari ostida yengilmadi.

Kanadadagi Vaterloo universitetida siyosiy fanlar professori Bessma Momaniy Iroqning Tikrit shahridagi jangda AQSh va Eron hamkorlik qilganini eslatadi. AQSh "Islomiy davlat" jangarilarini havodan o'qqa tutayotgan mahal Eron general-mayori Qosim Sulaymoniy boshchiligidagi qo'shinlar Iroq kuchlariga yerdan turib yordam bergan.

"AQSh va Eron kelishib harakat qilgan demayman, ammo ma'lum darajada hamkorlik kuzatilgan", - deydi olima.

Momaniyga ko'ra, umumiy dushman bunday hamkorlikka sababdir. Biroq AQShning Merilend universiteti professori Shibli Telhamiyning aytishicha esa, Eron "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaga rasman qo'shilsa, Iroqda mazhablararo ziddiyatlar yanada kuchayishi mumkin.

"Eron Iroqda shia jangchilarini qo'llab-quvvatlab keladi va AQSh bu holatni Iroq barqarorligiga tahdid deb biladi. Shuni unutmaylikki, "Islomiy davlat" Iroqda sunniylarning siyosiy hayotdan siqib chiqarilishi natijasida hosil bo'lgan bo'shliqni to'ldirib, qisman shuning ketidan kuchaydi. Sunniylar nazarida shialar hokimiyatni egallab olgan", - deydi Telhamiy.

Uning ogohlantirishicha, mazhabparastlik bilan "Islomiy davlat"ni yengib bo'lmaydi, aksincha, muammo kuchayadi. Biroq olim nazarida Obama ma'muriyati Eron bilan erishilgan yadroviy bitimdan Tehronning mintaqadagi harakatlarini mo'tadillashtirish uchun foydalanishi mumkin.

Suriya masalasida esa tahlilchilarning Eron roli bo'yicha fikri bo'lingan. Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Hisham Malhamning aytishicha, AQSh Tehrondan yordam kutmasligi kerak.

"Eron o'z ta'siri ostidagi guruhlar orqali Suriyada Bashar Assad rejimini saqlab qoldi. Assad tuzumi siyosati tufayli Yevropa va arab dunyosidan ko'ngillilar Suriyaga kela boshladi. Assad hukumatining shafqatsizligi bu odamlarning unga qarshi bosh ko'tarishiga olib keldi", - deydi Malham.

Unga ko'ra, Eronni Suriya masalasiga aralashtirmaslik kerak. AQSh tayyorgarligidan o'tgan suriyalik jangchilar bu mojaroning boshlanishiga sabab bo'lgan rejimni nishonga olishi kerak, deydi Malham.

Boshqa kuzatuvchilar esa Suriya bo'yicha BMT homiyligidagi yangi anjumanga Eronni ham taklif qilish kerak degan fikrda.

Vaterloo universitetidan Bessma Momaniyning aytishicha, AQSh diplomatiyani ishga solib, Suriya kelajagini Eron bilan muhokama qolishi lozim.

Unga ko'ra, Eron Bashar Assadning eng yaqin ittifoqchisi bo'lgani uchun ham Suriya mojarosiga siyosiy yechim topishda uni jarayonga jalb etish lozim. Shundagina, deydi u, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash natija beradi, uning kengayishiga to'siq qo'yiladi.

Biroq tahlilchi Malham nazarida hukumatni dushmani deb bilib, unga qarshi kurashayotgan guruhlar Assad yonini olayotgan Eron bilan bir xonada o'tirib, muzokara qilishni istamaydi. Aksincha, deydi ekspert, Suriyaga jang qilish uchun safar qilayotgan xorijiy jangarilar oqimini to'xtatishda Qo'shma Shtatlar mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi, Assad rejimiga qarshi jiddiy choralar ko'rishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG