Sanksiyalar bekor qilinishi oldidan Eron va AQSh mahbus almashdi

  • Amerika Ovozi

Eron qamoqxonasi

Eron qamoqxonasi

BMTning Atom energiyasi bo'yicha boshqarmasi bugun Eronning yadro dasturi bo'yicha yakuniy hisobotini taqdim etadi.

Bu davlat Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Avstriyada AQSh va Yevropa Ittifoqining rasmiylari bilan uchrashmoqda.

"O'tgan yilgi kelishuvga binoan boshqarma hisoboti taqdim etilgach, Eronga qo'yilgan sanksiyalar zudlik bilan olib tashlanishi kerak", - deydi Zarif.

Bu degani, xorijiy banklarda muzlatilgan taxminan 100 milliard dollar Eronga qaytariladi, Eron dunyoga yana neft sota boshlaydi.

2015-yilning yozida yirik davlatlar bilan imzolangan kelishuvda islomiy respublika yadroviy dasturini cheklashga, uran boyitish uchun ishlatiladigan sentrifugalar sonini keskin kamaytirishga rozi bo'lgan edi.

Arak yadro inshootidagi suv reaktori ham ishdan to'xtagan. Qo'shma Shtatlar Eron bitim shartlarini bajarib kelayotganini tasdiqlayapti.

Sanksiyalar olib tashlanishi oldidan AQSh va Eron mahbus almashdi. "Vashington Post" gazetasi muxbiri, josuslikda ayblangan Jeyson Rizoyan qatorida yana uch amerikalik Eron qamog'idan ozod etildi.

O'z navbatida, Qo'shma Shtatlar ham yetti eronlikni qo'yib yuborishga rozi. Mahbuslarning aksariyati ham AQSh, ham Eron fuqaroligiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG