Oyatulla: AQSh bilan yuzma-yuz gaplashmaymiz

  • Amerika Ovozi

Eron oliy diniy rahnamosi mamlakat yadro dasturi borasida Amerika bilan bevosita muzokara qilish taklifini “befoyda” deya rad etgan. Uning aytishicha, muloqot hech narsani hal qilib bermaydi.


Oyatulla Ali Xomayniy bugun internetda e’lon qilgan bayonotida Amerika ham gaplashmoqchi, ham Eronga po’pisa qilishda davom etmoqda, deydi. Tehronni qo’rqita olmaysiz, deydi peshvo.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden shanba kuni Myunxendagi anjumanda so’zlab, Vashington Eron bilan yuzma-yuz gaplashishga tayyor ekanini bildirgan edi. Islomiy davlatning xohishi jiddiy bo’lsa bo’ldi, dedi Bayden.

Qo’shma Shtatlar Eron neft sanoatiga qo’ygan sanksiya shu hafta kuchga kirgan. Tehron yadro quroli yaratish yo’lidan qaytmas, inson huquqlarini oyog’osti qilishda davom etar ekan, Oq uy siquvni oshirish qarorida qat’iy.

G’arbda ayrim davlatlar va AQShning Eron yashirincha ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotganiga ishonchi komil. Tehron yadroviy tadqiqotlar faqat tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlamoqda.

Eron va xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida bu borada navbatdagi muzokaralar oy oxirida Qozog’istonda o’tishi rejada. Uchrashuvda, xususan, AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Germaniya ham qatnashadi.

Bu orada, Qo’shma Shtatlar kecha Eron davlati moliyalovchi ommaviy axborot vositasiga sanksiya joriy etgan. Eron Islomiy Respublikasi Teleradiokompaniyasi va uning rahbari Izzatulla Zargamiy jazolanib, ular AQSh moliya tizimidan foydalanishi man qilingan.

Bundan tashqari, sanksiyalar Eron kiber politsiyasi, aloqa-kommunikatsiya idorasi va elektronika sanoatini nishonga oladi.

Bu idoralar senzura, radio to’lqinlarni to’sish va ijtimoiy tarmoqlar orqali siyosiy faollarni qidirib topib, qamashda qatnashadi, deydi AQSh rasmiylari.

Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, sanksiyalar 26-fevralda Qozog’istonda belgilangan muzokaralar natija berishiga qaratilgan. “Quruq gap-so’zning keragi yo’q”, - deydi u.

Amerika qonunlariga ko’ra, Moliya vazirligi Eron jamoatchiligining axborot olish huquqini poymol qilayotgan har qanday odam va tashkilotni nishonga olishi mumkin.

2009-yilgi prezident saylovlari va “arab bahori” ketidan, deydi AQSh Moliya vazirligi rasmiylari, islomiy davlat xorij matbuoti, ayniqsa, Bi-Bi-Si va “Amerika Ovozi” dasturlarini to’sishga zo’r bergan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG