Xayr, sanksiya! Salom, sanksiya!

  • Amerika Ovozi

Eron ballistik raketasi

Eron ballistik raketasi

Eron Mudofaa vaziri Husayn Dehqonning aytishicha, islomiy respublika ballistik raketa dasturi sabab AQSh tomonidan unga qo'yilgan yangi sanksiyalar dastur rivojiga ta'sir qilmaydi.

O'tgan hafta Eron dunyo siyosati markazida bo'ldi. Uning yadro dasturiga aloqador xalqaro sanksiyalar bekor qilindi, Eron qamoqxonalarida saqlangan AQSh fuqarolari ozod etildi.

AQShning yangi jazo choralari Eronning ballistik raketa dasturiga aloqador besh nafar fuqarosi va bir nechta kompaniyasiga qaratilgan. Mudofaa vaziri Husayn Dehqon nazarida, Qo'shma Shtatlar Eronga nisbatan dushmanona siyosatini davom ettirmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Husayn Jabbor Ansariy yangi sanksiyalarni noqonuniy, dedi.

Tehron o'tgan yil oxirida ikki bor ballistik raketasi sinovdan o'tkazib, AQSh va G'arb davlatlari tanqidiga uchradi. Ularga ko'ra, Eron BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzdi. Tehron sinovlar milliy xavfsizlik uchun muhim ekanini aytadi.

Bu o'rtada Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari Yukiya Amano Tehronda bo'lib, Prezident Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi. Ruhoniy uning mamlakati o'tgan yil iyulida ko'p oylik xalqaro muzokaralar natijasida erishilgan yadroviy bitimdan chekinmasligini bildirdi.

Yadroviy dasturga aloqador sanksiyalarning bekor qilinishi oqibatida Eron xorijiy banklarda muzlatilgan pullaridan endi qayta foydalanishi mumkin. Xususan, Markaziy bank raisi Valiulla Sayfning aytishicha, 32 milliard dollardan cheklov olib tashlangan. Sanksiyalarning haqiqatan bekor qilinganiga amin bo'lish uchun Markaziy bank pulni bir necha bank o'rtasida o'tkazib ko'rdi.

Sanksiyalardan xoli Eron endi xalqaro bozorda neftini sotishi mumkin. Hozircha kuniga 500 ming barrel qora oltin haqida gap ketmoqda. Ammo yil oxiriga borib ishlab chiqarish 1,5 million barrelga yetadi, deydi Eron rasmiylari.

Tehron yaqin oylardagi daromadini hisob-kitob qilayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar Eron qamoqxonalaridan ozod etilgan fuqarolariga normal hayotga qaytishga yordamlashmoqda. Ozodlikka chiqqan amerikaliklarning aksariyati Eron fuqarolari hamdir. Ulardan biri "Vashington Post" gazetasi muxbiri Jeyson Rizoyan. Bir yarim yil qamoqda o'tirgan jurnalistning aytishicha, u bu davr ichida deyarli hech kim bilan muloqot qilmagan, 49 kun karserda o'tkazgan.

"O'zimga bir oz kelib olay, so'ng boshimdan o'tganlar haqida so'zlab beraman", - dedi Rizoyan.

AQSh sobiq harbiysi Amir Hikmatiy 2011-yilda buvisini ko'rish uchun Eronga borganida hibsga olinib, josuslik ayblovi bilan qamalgan edi. U Prezident Obamadan minnatdor ekanini aytadi. Hikmatiy, Rizoyan kabi, hozir Germaniyada tibbiy ko'rikdan o'tmoqda, yaqin kunlarda AQShga qaytadi.

Ruhoniy Said Obidiniy odamlarni nasroniylikka da'vat etgani uchun 2012-yilda qamalgan. U ham hozir Germaniyada muolaja olmoqda. Ozod etilgan yana bir odam, Nusratulloh Husraviy-Rudsariy haqida ma'lumot deyarli yo'q. Kim u, qamoqqa qanday qilib tushgan, ma'lum emas. Rudsariy AQShga qaytmaslikka qaror qildi, Eronda qolishni afzal ko'rdi.

Mahbuslar ikki davlat o'rtasidagi kelishuvga ko'ra ozod etildi. Buning evaziga Qo'shma Shtatlar Eronga qo'yilgan savdo sanksiyalarini buzganlikda ayblanib hibsga olingan va sudlangan yetti eronlikni ozod etdi. Bundan tashqari, Obama ma'muriyati qidiruvga berilgan 14 eronlikka qarshi ayblovlarni bekor qilishga rozi bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG