Venada Eron, Amerika diplomatlari yadro dasturi haqida gaplashayapti

  • Amerika Ovozi

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton Venada Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan uchrashib, Tehronning yadroviy tadqiqotlarini qisqartirish xususida gaplashayapti.

Eron yadro dasturini kessa, xalqaro hamjamiyat bu davlatga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatmoqchi. Maqsad Tehronni xalqaro hamjamiyat davrasiga qaytarish, deydi Amerika rasmiylari.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy dushanba kungi chiqishida taraflar noyabr oxiriga qadar murosaga erisha oladi, degan. Tomonlar avvalroq 24-noyabrni tugal sana qilib belgilagan edi. Davlat kotibi Jon Kerri nazarida ham asta-sekin shunga erishsa bo'ladi.

Eron qancha uranni va qanchalik darajada boyitishi mumkin? Bu - ochiq qolayotgan masala.

Tehron o'z yadroviy izlanishlari tinch maqsadni ko'zlashini, atom quroli yasamoqchi emasligini ta'kidlaydi. Lekin Amerika va Yevropa rahbarlari nazarida Eron yashirincha ana shunday ommaviy qurolni yaratish bilan band. Isroil esa qo'shni davlatning yadroviy tadqiqotlarini to'xtatish uchun har qanday, jumladan, harbiy choraga tayyor ekanini aytib po'pisa qilib keladi.

Eron bilan muzokarada AQShdan tashqari Germaniya, Rossiya, Britaniya, Fransiya va Xitoy ham qatnashayapti. Ukraina borasida AQSh va Rossiya pozitsiyasi tarqoq bo'lsa-da, Eron yuzasidan fikrlar mushtarak ekani aytiladi. Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu borada kecha, seshanba kuni Parijda gaplashgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif va boshqa qatnashchilar muzokarani ertaga ham davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG