Kongress Eronni yangi sanksiya bilan siylash ustida o'ylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Senator Robert Menendez Eronga qo'shimcha sanksiya qo'yish tarafdorlaridan

Senator Robert Menendez Eronga qo'shimcha sanksiya qo'yish tarafdorlaridan

AQShdagi ikki yirik partiyadan Kongressga saylangan qonunchilar Jenevada Eron yadro dasturiga doir imzolangan bitimga shubha bilan qaramoqda. Ular nazarida Tehronga ishonch yo’q, hujjat uni atom qurolini yaratish yo’lidan qaytara olmaydi.

Prezident Barak Obama yetakchi qonunchilar bilan Oq uyda uchrashib, ularni bosiqlikka chaqirganiga qaramay, Eronga qo’shimcha sanksiya qo’llash niyati ba’zilarini hamon tark etgani yo’q.

Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi, demokrat Robert Menendez Eron yadro dasturiga doir munozaraning tinch yo’l bilan hal etilishi tarafdori.

"O’ylaymanki, masalaga yechim topiladi. Diplomatiya ish beradi, degan umiddamiz", - deydi senator.

Biroq, deydi Menendez, Eronga qo’yilgan iqtisodiy bosimni bo’shashtirmaslik kerak va muzokaralar samara bermasa, kuchaytirish zarur.

"Sanksiyalarni olti oydan keyin kuchga kiradigan qilib qo’ysak hamda prezidentga uning ba’zi bandlarini bekor qilish vakolatini bersak, diplomatik harakatlarimizga yordam beradi. Eron ham bitim shartlarini bajarmasa, uni jazo chorasi kutishini bilib qo'yardi", - deydi qonunchi.

Qo’mitaning yana bir a’zosi, respublikachi senator Bob Korker Jeneva bitimi xato, deydi.

"Erishilgan dastlabki shartnoma meni tashvishga solmoqda. Eronni muntazam ravishda uran boyitishdan qanday to’xtatish mumkin? Tehron har doimgidek bergan va’dalarini buzib, yadro qurolini yaratishga yana bir qadam qo’yishidan xavotirdaman", - deydi Korker.

Senatorning aytishicha, sanksiyalarni kuchaytirish bilan yadro dasturiga doir muzokara natijasi ijobiy bo’lishini ta’minlash mumkin. Tashqi aloqalar qo’mitasi shu mavzudagi qonun loyihasini palatada ovozga qo’yishi kutilmoqda.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Garri Ridga ko’ra, avval qo’shimcha sanksiyalar qanday bo’lishi xususida gaplashish kerak. Hujjat ovozga qo’yiladimi, yo’qmi, buni hozir aytolmayman, deydi u.

Davlat departamenti nazarida muzokara ketayotgan bir paytda yangi sanksiya qo’llash xatodir. Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining ogohlantirishicha, bunday qadam diplomatik harakatlarga pand beradi.

"Amerikaliklar urush yo’lidan borishni istamaydi", - deydi Karni.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG