Asli eronlik fuqarolar prezidentlikka kimni ma'qul ko'radi?

  • Amerika Ovozi

Erondan tashqaridagi eng katta eronliklar jamoasi Los-Anjeles shahrida yashaydi. Milliy Eron-Amerika kengashi ma'lumotiga ko'ra, bir million asli eronlik Amerika fuqarosi bor. Ularning 87 foizi ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tgan. Ular bu yilgi prezidentlik saylovini yaqindan kuzatmoqda.

Los-Anjelesning Vestvud mahallasida eronliklarga tegishli ko'plab bizneslarni, xususan,1979-yilgi inqilobdan oldin hilpiragan Eron bayrog'ini ko'rish mumkin. "Fors maydoni" deb nomlangan bozorcha 30 yildan beri mahalliy aholiga xizmat ko'rsatmoqda. Rizo ismli fuqaroning saylov haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.

"Nomzodlar eronliklarga hurmat ko'rsatishi kerak. Biz o'z manfaatlarimizni yaxshi bilamiz. Ammo dunyo hamjamiyati Eron rejimining qallobliklarini fosh etishi hamda u Eron xalqini namoyon qilmasligini ko'rsatishi kerak. Tramp esa aldashni bas qilib, eronliklarga hujum qilishni to'xtatsin", - deydi u.

Bozorchaning egachi Fard Xanlu 40 yildan beri AQShda yashaydi. U hech kimga ovoz bermoqchi emas.

"Trampga ishonib bol'maydi. Klinton esa iqtisodiyot uchun yomon. Men uchun ham yaxshi emas, chunki Obamaning sog'liqqa oid qonuni sug'urtamni barbod qilyapti. Bu to'g'ri emas. Shuni deb sug'urtaga 30 ming dollar to'layapman", - deydi u.

Yana bir tadbirkor Tod Xodadadiyning esa qarashlari farqli.

"Respublikachi bo'lganim uchun Donald Trampni qo'llab-quvvatlayman. Buning asosiy sababi iqtisodiyot. Agar u prezident bo'lsa, AQShda barchamiz uchun ko'proq iqtisodiy tanlov imkoniyatlari bo'ladi", - deydi u.

Zuhra Faruxiy o'tgan safar respublikachiga ovoz bergan, ammo bu safar emas.

"Klintonga ovoz bersam kerak. O'tgan safar respublikachini tanladim, lekin bu yil partiyamni o'zgartirdim", - deydi u.

Eronliklarning haftalik gazetasi noshiri Bijan Xaliliy tashqi siyosat masalasida ayrimlarga Tramp ma'qul kelayotganini aytadi.

"Amerika jamoatchiligi kabi bo'linganmiz, turli toifalarga ajralgan odamlar", - deydi u.

Ammo Trampdan qo'rqayotganlar hambor.

"U ozchilik guruhlarga nisbatan agressiv. AQShga va dunyoga tahdid solayotgan ekstremist u", - deydi Rizo.

So'nggi so'rovga ko'ra, eronlik amerikaliklarining 40 foizi o'zini mustaqil yoki hech bir partiyaga mansub emas, deb hisoblaydi. Saylov kuni ularning ovozi muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG