AQSh 2012-yilgacha yana 7 ming iroqlik qochqinni qabul qiladi

  • Amerika Ovozi

Michigan shtatining Diebron shahri - Amerikada arablar eng ko'p yashaydigan joy

Michigan shtatining Diebron shahri - Amerikada arablar eng ko'p yashaydigan joy

Amerika iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashar ekan, qochqinlar usiz ham tig'iz mehnat bozorini og'irlashtirishi aytilmoqda.

Kelasi yil oxiriga borib AQShning Michigan shtatida 7 ming iroqlik qochqin boshpana topadi. U yerda yashayotgan 30 mingdan ziyod iroqlikka qo'shimcha tarzda. Shtat Amerikada ishsizlik bo'yicha birinchi o'rinlarda ekan - 14 foiz - qo'shimcha qochqinlar, ba'zilar nazarida, iqtisodiyotga yanada og'ir yuk bo'lib tushishi mumkin.

Sohib Shokir Iroqda taniqli teleaktyor bo'lgan. Ko'plab dasturlarda ishtirok etgan. Iroq televideniye va radiosida axborot dasturlarini olib borgan.

2005-yilda iroqliklar turmushidagi qiyinchiliklar haqida tayyorlagan lavhasi rasmiylar qahriga uchragan.

"Hukumatdagilar oddiy odamlar bilan suhbatimni yoqtirmadi chog'i, menga "Iroqdan chiqib ketmasang, hayoting xavf ostida" deb ogohlantirishdi", - deydi u.

Shokir vatanini o'sha kuniyoq tark etib, shu-shu qaytib bormaydi. Oilasi keyinchalik qo'shni Suriyaga qochib chiqadi. Shokir ularga qochqinlar lagerida qo'shilib, so'ng 2008-yili barchasi Amerikaga keladi.

Michigan shtatining arablar zich yashovchi Dieborn shahrida yangi hayot boshlaydi. Iqtisodiy qiyinchiliklar davrida u yerda ish topish oson emas.

"Ayniqsa qochqinlarga qiyin," - deydi u.

So'nggi paytda Michiganga Shokirga o'xshagan ko'plab qochqinlar kelgan.

1990-yildan beri Dieborn va uning atrofida iroqliklar soni ko'paygan.

Shaharda ko'plab masjid va cherkovlar, Yaqin Sharq uslubidagi restoranlar, bir tilda so'zlashuvchi, ammo turli arab davlatlaridan kelgan muhojirlar bor. Bu yerda o'zlarini uydagidek his qiladi.

Biroq AQSh iqtisodiyoti inqirozga uchrab, qochqinlar ham bundan zarar ko'rdi. Amerikaning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyalarining bosh idorasi Michiganda joylashgan bo'lib, tanazzul oqibatida savdo tushib ketdi, ishlab chiqarish liniyalari yopilib, ko'p odamlar ishsiz qoldi.

Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo'yicha mutaxassis Abdullo Bumidiyonning aytishicha, Michigan iqtisodiyotiga hozir havas qilib bo'lmaydi, ishsizlik katta muammo.

Bumidiyon arablar, xususan qochqinlar bilan ishlaydi. Uning aytishicha, 2003-yili AQSh Iroqni bosib olganidan so'ng Amerikaga kelgan arablar iqtisodiy inqirozdan ayniqsa ko'p jabr ko'rgan.

"Aksariyati yuqori malakali, oliy ma'lumotli mutaxassislar. Ish topa olmay, depressiyada. Ammo biz birini ikki qilolmay tushkunlikka tushgan odamlarga ruhiy ko'mak beramiz", - deydi u.

Kelasi yili Michigandagi iroqliklar soni 7 mingga ko'payib, ishsizlar armiyasini to'ldiradi. Bumidiyonning aytishicha, usiz ham tig'iz mehnat bozori ikkilamchi migrantlar hisobiga yanada og'irlashmoqda.

"Boshqa shtatlarga ko'chirilgan iroqliklar, masalan, Aydaxo, Oklaxomaga - oxir-oqibat Michiganga qaytib kelmoqda. Chunki bu yerda ularning oilalari, tanishlari ko'p, yirik arab jamoasi bor. Ularga ishonib qaytishadi", - deydi Bumidiyon.

Ish topish qiyin bo'lsa-da, sobiq teleyulduz Sohib Shokir kelajakka umid bilan qaraydi.

"Farzandlarimni deb yashayman. Ular esa Amerikada o'zini baxtiyor his qiladi".

Shokirning aytishicha, uni Amerikada tanishmasa-da, Dieborndagi hayot vatanida Saddam Husayn paytidagi hayotdan bir necha chandon yaxshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG