AQShning Iroqdagi jangovar missiyasi rasman tugadi

  • Amerika Ovozi

AQSh jangovar bo’linmalari Iroqdan chiqib ketdi, qolgan 50 ming zobit esa mahalliy armiya malakasini oshirish bilan shug’ullanadi, shuningdek chet el idoralarini himoya qiladi.

Jangovar missiya bugun rasman nihoyasiga yetgan. Barak Obama hokimiyatga kelgan pallada askar o’g’il-qizlarni uyga qaytarishga va’da bergan va shu yilning 31 avgustini tugal sana deya chamalagan edi. Obama va’dasini bajardi. Kelasi yil oxirigacha 50 ming askar ham uyga jo’naydi. Prezidentning rejasi shu.

Hozircha esa AQSh zobitlari Iroq armiyasini tayyorgarlikdan o’tkazib, davlatni qayta qurish yo’lida mehnat qilayotgan kishilarni mudofaa qiladi.

Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilot vakili Piter Xarling Amerika askarlari faqat maslahatchi rolida qolishiga ishonmaydi. Iroq beqaror ekan, qo’shinlar jangovar operatsiyalarda qatnashishga majbur bo’ladi, deydi u.

Bu orada, parlament saylovlaridan besh oy o’tib, Iroqda hamon yangi hukumat saylanmagan. Oxirgi paytlarda portlash va otishmalar tez-tez quloqqa chalinmoqda. AQSh armiyasi ketib, siyosiy beqarorlikdan foydalangan jangarilar bosh ko’taradi degan vahima bor.

Vitse-prezident Jo Bayden fikricha, Iroq siyosiy tanazzul bilan olishmoqda, yana urush bo’ladi degan xavotirlar asossiz.

“Iroqda yangi hukumat tuzilishiga ishonchim komil. Siyosiy partiyalar ziddiyatni musht bilan emas, gap bilan yenga oladi”, - deydi u.

Iroqdagi urushda AQSh 4400 askaridan ayrilgan. 30 mingdan ziyodi jarohatlangan.

Shu bilan birga, Qo’shma Shtatlar Iroqda xususiy xavfsizlik firmalari sonini oshirmoqchi. Yetti ming kontraktorni ishga yollash rejalangan va ular AQSh diplomatlari xavfsizligini ta’minlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG