Iroqdagi portlashlarda 30 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

Avtomobil portlagan joy tekshirilmoqda. Kirkuk. 23-avgust 2014-yil

Avtomobil portlagan joy tekshirilmoqda. Kirkuk. 23-avgust 2014-yil

23-avgust kuni Iroqning qator shaharlarida bomba portlashlari oqibatida kamida 30 odam halok bo'ldi.

Bundan bir kun oldin Bag’dod shimolidagi Bani Void qishlog’ida sunniylar masjidiga namoz paytida qilingan hujumda kamida 60 odam o'lgan edi.

Rasmiylarga ko’ra, shanba kuni Bag’dodda Ichki ishlar vazirligi binosi oldida avtomobil to’xtagan, unda o’tirgan odam o’zini portlatgan. Sakkiz kishi nobud bo’lgan, ko’plar jarohatlangan. Hujum uchun mas'uliyatni hech qaysi guruh zimmasiga olgani yo’q.

Rasmiylar Kirkuk shahrida ham uchta bomba portlagani va kamida 18 odam nobud bo'lganini ma'lum qildi. Yuzdan ziyod odam tan jarohatlari olgan. Odatda osoyishta bo’lgan Irbil shahrida ham portlash ro'y berdi. Tikritda ham xuruj uyushtirilgani haqida xabarlar bor.

BMT da’vatlari

BMT rasmiysi shimoldagi Amerli shahrida ommaviy qirg’inning oldini olish kerakligi haqida bong urmoqda. Maxsus elchi Nikolay Mladenovga ko’ra, “Islomiy davlat” guruhi bu shahar aholisining suv va oziq-ovqat olish yo’llarini yopib qo’yganiga ikki oydan oshdi. U Iroq hukumatini qamalni buzib, aholiga tezda gumanitar yordam yetkazishga yoki ularni evakuatsiya qilishga undamoqda.

Ayni vaqtda AQSh harbiylari Iroq xavfsizlik kuchlari operatsiyasiga yordam berish maqsadida Mosul suv to’g’oni hududini havodan o’qqa tutgan. Hujum natijasida islomiy jangarilarga tegishli bitta bronetransportyor yo’q qilingan.

Masjiddagi hujum atrofida taftish

Bomba portlashlari Iroq parlamenti spikeri masjiddagi xuruj tarftish qilinayotganini bildirganidan keyin uyushtirildi. Salim al-Jaburiyning muxbirlarga ma’lum qilishicha, tergov guruhiga javobgar tarafni topish uchun ikki kun muhlat berilgan.

Guvohlar va sunniy musulmonlarning rasmiy vakillari xurujni radikal shia jangarilar uyushtirgan, deya ta’kidlamoqda. Ammo ayrim rasmiylar jinoyatda “Islomiy davlat” guruhi aybdor deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG