Breaking News

Iroq hanuz siyosiy inqirozdan chiqishga harakat qilmoqda


Iroq poytaxti Bag'dodda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari tinganiga qaramay, mamlakat siyosiy inqirozdan chiqqani yo'q.

Turli qarashlardagi siyosiy guruhlar o'rtasida kechgan muzokaralar natija bermadi. Parlament shu qadar tarqoqki, kvorumga erishish mumkin emas. Amaldagi hukumatni yangilash rejasi hozircha qog'ozda qolib ketmoqda. Xalq esa siyosiy islohotlar talab qilmoqda.

“Siyosiy vaziyat alg'ov-dalg'ov", - deydi sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi, hozirda parlament deputati Muvaffaq Ruboiy.

Ikki hafta oldin taniqli shia ulamosi Muqtada al-Sadr tarafdorlari parlament binosiga bostirib kirib, siyosatda urug'-aymoqchilik, tanish-bilishchilikka barham berishni, barcha siyosiy kuchlarni o'z ichiga olgan yangi hukumat tayinlashni talab qildi. Aholi poraxo'rlik, korrupsiyaga qarshi chiqdi.

Bosh vazir Haydar Abadiyning Vazirlar mahkamasini qisman yangilashga qaratilgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Iroqda sunniy, shia va kurd siyosatchilari til topisha olmayapti, bu guruhlarning har birida o'zaro chiqisha olmayotgan arboblar vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.

AQSh xavotiriga ko'ra, ichki siyosiy tanazzul Iroq hukumatiga "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda halal bermoqda. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, poytaxtni himoya qilish maqsadida hukumat askarlarning bir qismini frontdan chaqirib olishga majbur bo'ldi.

Saddam Husayn paytida armiyaga qo'mondonlik qilgan bir guruh generallar hokimiyatni kuch bilan olib, mamlakatni Eron ta'siridan chiqarishni taklif etmoqda.

Buning uchun, deydi ular, Sadr, kurdlar va AQSh bilan hamkorlik qilishga rozimiz.

Boshqa sunniy guruhlar esa Iroq g'arbida muxtor sunniy rayon tuzish g'oyasini olg'a surib, Baas partiyasini tiklashni talab qilmoqda.

Kurdlar vaziyatdan foydalanib, mustaqillik e'lon qilish kerak, degan fikrda.

Saddam Husayn ag'darilganidan so'ng hokimiyat tepasiga kelgan shialar mavqeni qo'ldan chiqarmoqchi emas. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, Sadr tarafdorlarining ko'cha namoyishlari shialarni eronparast va iroqlik millatchilarga bo'lib qo'yishidan xavotirga tushgan Tehron Sadrga namoyishlarni bas qilishni buyurgan.

"Vaziyat shu qadar yomonlashganki, keskin o'zgarishlar zarur, ammo buning uchun siyosiy iroda yo'q", - deydi sobiq bosh vazir va sobiq vitse-prezident Ayad Allaviy vakilasi Sora Allaviy.

Ayad Allaviy mo'tadil va dunyoviy qarashlarga ega shia arbob bo'lib, o'tmishda sunniylar huquqlari uchun kurashgan. U ikki yilga muvaqqat hukumat tayinlashga chaqirmoqda. Ammo unga kim bosh bo'lishi ma'lum emas.

Siyosiy muammolardan tashqari mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklarga ham yuz tutmoqda. Neft bahosining tushishi, korrupsiyaning kuchaygani bunga sabab. "Islomiy davlat"ga qarshi urush ham ko'p mablag' talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG