Breaking News

Iroq-Eron hamkorligi Yaqin Sharqni o'zgartirishi mumkin


Iroq hukumatining bildirishicha, 2020-yilga borib mamlakatda qazib olinayotgan neft hajmi uch baravar oshiriladi. Bosh vazir muovini Husan Al-Shahristoniyning yaqinda Londondagi anjumanda aytishicha, Bag’dod Tehron bilan neft sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

Otishma, portlashlar, o’t va tutun…Dunyoda odamlar Iroqni shunday tasavvur qilishga odatlangan.

Majnun neft konida ham tutunni ko’rasiz. Ammo bu Iroq uchun umid, yangi qudrat va salohiyat ramzi. Qo’shni Eron bilan hamkorlikda Bag’dod neft qazish hajmini uch baravar oshirmoqchi.

“Bag’dod va Tehron orasi yaxshi. Ular Fors ko’rfazidagi eng qudratli davlat Saudiya Arabistoniga qarshi birlashdi. Energetika sohasini oladigan bo’lsak, neft va gaz asosiy manbalargina emas, davlatlar bir-biriga qarshi ishlatadigan qurol hamdir,” - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti tahlilchisi Saymon Xenderson.

Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEK rasmiylariga ko’ra, Iroq va Eron neft ishlab chiqarishni kuchaytirsa ham ta’siri sezilmaydi.

Ammo G’arb bilan yadro dasturi yuzasidan muzokara boshlagan Tehron yaqin orada sanksiyalar bekor qilinishiga umid bildirar ekan, saudiyaliklar xavotirda.

Saudiya Arabistonida 267 milliard barrel neft zaxirasi aniqlangan bo’lib, bu mamlakat OPEK da yetakchi o’rin tutadi.

Eronda 151 milliard, Iroqda esa 143 milliard barrel qora oltin borligi ma’lum. Bu ikki davlat birlashsa, mintaqadagi kuchlar muvozanatining o’zgarishi shubhasiz.

Eron Suriya rahbari Bashar Assadga, Saudiya qirolligi esa suriyalik isyonchilarga yordam berayotgani jiddiy tashvishlarga sabab bo’lmoqda.

Ammo hozircha Tehron asosiy e’tiborni neftga qaratadi, deya fikr bildiradi Bostondagi Brendays universiteti eksperti Nodir Habibiy.

“Eron iqtisodiy muammolarga yuz tutmoqda, shu sababli hukumat iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga harakat qiladi va xalqaro sahnada keskin qadamlar qo’ymaydi”.

Eron rahbariyati neft bobida Iroq bilan hamkorlik xususida ko’p gapirmayapti, ammo Rossiyaga bu borada taklif bilan murojaat qilgani ma’lum.

AQSh rasmiylariga kelsak, Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psaki masala yuzasidan fikr bildirdi.

“Nafaqat Iroq, balki dunyodagi boshqa davlatlarga ham ta’kidlaganimizdek, Eron bilan energetika sohasida hamkorlik qilish AQSh va xalqaro hamjamiyat joriy etgan sanksiyalarga ziddir”.

Neft sohasi mutaxassislari fikricha, Iroq va Eron ehtiyotkorlik bilan ish tutishi kerak, aks holda ham neft narxi, ham olinadigan daromad pasayib ketishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG