Iroq, AQSh va kurdlar: Islomiy kuchlarga qarshi qonli janglar

  • Amerika Ovozi

Mosul, Iroq

Mosul, Iroq

Iroq qurolli kuchlari shahar va qishloqlarni mutaassib kuchlardan tozalash operatsiyasini davom ettirmoqda. Iroq va Shom islomiy davlati degan harakat a’zolarini ayni damda Tikrit shahridan quvib chiqarish uchun janglar avjida. Tikrit, ma’lumki, sobiq va marhum rahbar Saddam Husaynning ona shahri.

Kecha AQSh havo kuchlari yordamida Mosul suv ombori ustidan nazorat yana Iroq hukumatiga o’tgan. Sunniy ekstremistlar u yerni bosib olgan edi. Suv ochilgan taqdirda butun mintaqa vayron bo’lgan, minglab odamlar o’lgan bo’lar edi.

Amerika rahbari Barak Obama nazarida Iroq armiyasi, kurd jangchilari bilan hamkorlikda va Pentagon ko’magi bilan mamlakatni islomiy kuchlardan xalos etish uchun jon-jahdi bilan kurashmoqda va yutuqqa erishmoqda. Biroq, deydi u, barqarorlikni ta’minlash uchun markaziy hukumat adolatli va uzoqni ko’zlagan siyosat olib borishi zarur. Mazhablararo nifoqlarga barham berish kerak. Siyosatda mazhabni chetga surish zarur. Aks holda, deydi Obama, Iroqda tinchlik bo’lmaydi.

BMT qochqinlar agentligi Iroqda boshpanasiz qolgan yarim million odamga ko’mak ko’rsatmoqda. Chodirlar, oziq-ovqat, dori-darmon, suv va boshqa zarur mahsulotlar yetkaziladi.

O’tgan oylar ichida bir milliondan oshiq aholi urushlardan jabr ko’rgan.

AQSh havo kuchlari 15 obyektga zarba bergan. Hammasi Iroq va Shom islomiy davlatiga qarashli joylar, deydi harbiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG