Iroq "Islomiy davlat"ga qarshi yangi amaliyot boshladi

  • Amerika Ovozi

Iroq xavfsizlik kuchlari Anbar viloyatining Rutba shahrini ozod qilish amaliyoti boshlanganini ma'lum qildi. Shahar "Islomiy davlat" nazoratidagi hududlarni Iordaniya va Suriya chegaralari bilan bog'laydigan muhim nuqtada joylashgan.

"Xaritaga qarab Anbar viloyatining bu qismi qanchalik muhim ekanini ko'rishingiz mumkin. Agar Iroq kuchlari Rutbani egallay olsa, bu IShIDga qarshi kurashda jiddiy qadam bo'ladi", - dedi AQSh Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Piter Kuk.

Yil boshidan beri "Islomiy davlat" Suriya va Iroqda hududlarini boy bermoqda.

Agar Rutba ham qo'ldan chiqarilsa, Suriya va Iroqni bog'lab turadigan faqat Qaim qoladi. Bu hudud jangari guruh uchun juda muhim, chunki u poytaxt Raqqani Turkiya chegarasi bilan bog'laydi. Guruhning chegaradagi hududlari boy berilsa, ta'minot va yangi jangarilarning kelish yo'li to'siladi.

Kukning aytishicha, "Islomiy davlat" Iroqdagi hududlarining 45 foizini, Suriyada esa 20 foizini yo'qotgan.

2014-yil o'rtalarida guruh shimoliy va g'arbiy Iroqda hamda Suriya sharqida katta hududlarni egallab olgan edi. Shu yilning iyun oyida Iroq xavfsizlik kuchlarining 886 vakili o'ldirilgan. O'tgan yili esa jami 5200 askar halok bo'lgan. 2016-yilda hozirgacha o'ldirilgan iroqlik harbiylar soni 1500 ta.

Iroq armiyasining olg'a siljishida AQSh havodan berayotgan zarbalar hamda mahalliy jangchi guruhlarning yordami qo'l kelmoqda. Suriyada esa jangarilarni Turkiya bilan chegaradosh hududlardan surib chiqarishga e'tibor qaratilmoqda. Urush tadqiqotlari instituti ma'lumotiga ko'ra, bugun "Islomiy davlat" guruhi Halab shimolida 100 kilometrdan ozroq chegara hududini nazorat qiladi, xolos.

Iroq va Suriyadagi urush minglab odamlarning yostig'ini quritdi. Millionlab odam o'z uyini tashlab qochgan. Mamlakatda qolganlar oziq-ovqat va tibbiy yordamga muhtoj. Bu ikki davlatni tark etgan millionlab muhojirlar oqimi Yevropa Ittifoqi uchun misli ko'rilmagan ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG