Iroqda jangarilar xalifalik e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Iroq va Shom islomiy davlati jangari guruhi tarafdorlari

Iroq va Shom islomiy davlati jangari guruhi tarafdorlari

Iroq harbiy-havo kuchlari shimoldagi Tikrit shahrida o’rnashib olgan jangarilarni kechasi bilan o’qqa tutdi. “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi ikki hafta oldin shaharni ishg’ol qilib, hududda islomiy davlat e’lon qilgan.

Tikritdan tashqari yana bir necha shahar sunniy jangarilar qo’lida. Kecha guruh internetga audio bayonotini yuklagan. Unda aytilishicha, yangi xalifalikka Abu Bakr al-Bag’dodiy ismli odam rahbar etib tayinlangan.

“Iroq va Shom islomiy davlati” al-Qoida bilan hamkorlik qilar edi, ammo yil boshida oraga sovuqchilik tushib, guruh al-Qoidadan mustaqil ravishda harakatlana boshladi. Yanvar oyida Suriyada guruh al-Qoida va mahalliy isyonchilar ta’qibiga uchray boshladi.

Iroq armiyasi harbiy amaliyotni shanba kuni boshlagan. Jangovar vertolyotlar va tanklar ham jangarilarga qarshi tashlangan.

Rossiya Iroq hukumatiga yordam sifatida bir nechta harbiy samolyot yuborgan. AQShning pilotsiz samolyotlari esa Iroqqa borgan amerikalik harbiy maslahatchilarni himoya qilish uchun mamlakat uzra parvoz qilmoqda.

Prezident Barak Obama oy boshida 300 mutaxassisni Bag’dodga yuborgan edi.

Kecha Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tel-Avivdagi tahlil markazidagi chiqishida Iroqdagi kurdlarga o’z mustaqil davlatiga ega bo’lishga imkon berish kerak, dedi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, hozirgi murakkab vaziyatda Iroq bo’linib ketishi mumkin. Yirik kurd aholisiga ega Turkiya va G’arb mamlakatlari bunga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG