Iroqning neftga boy Kirkuk mintaqasi tobora notinch

  • Amerika Ovozi

So’nggi bir yilda Iroqning yarim-avtonom Kurd mintaqasi va markaziy hukumat o’rtasida ziddiyatlar avj oldi. Har ikki tomon da’vo qilayotgan, neftga boy Kirkuk shahrida har kuni hujum va portlashlar…

Muxbirimiz Sebastian Meyerning Iroqdan xabar berishicha, zo’ravonlik sur’ati oshib bormoqda.

To’rt oy ilgari Kirkukdan 80 kilometr naridagi Tuz Xurmatu shaharchasi kurdlar va markaziy hukumat o’rtasida yangi jang maydoniga aylandi.

Siyosiy tortishuvlar hududning neft boyliklariga egalik masalasiga borib taqaladi. Kurd, arab, turkman va nasroniylar, hamma Kirkukni o’ziniki deb biladi.

Polkovnik Ismoil Rasul Mustafo chegara punktini boshqaradi. 1980-yillardan buyon Kurdiston mustaqilligi uchun kurashib kelayotganlardan biri.

“Iroq hukumatiga qarshi chiqish niyatimiz yo’q, lekin o’zimizni mudofaa qilishimiz kerak. Baas partiyasi hukmron bo’lgan paytlarda bo’lganidek, bizga hujum qilishsa, tayyor turishimiz darkor”, - deydi ofitser.

Etnik va diniy jihatdan boy Kirkuk shahri ikki oydan beri notinch. Shialar ziyoratgohlari, kurd xavfsizlik kuchlari hamda sunniy siyosatchilar hujumga uchramoqda.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy mojarolar avj olayotgani haqida ogohlantirgan. Ammo jurnalist Sinan Ismoil Halil kuzatishicha, turli elatlar orasidagi kelishmovchiliklar bir bahona xolos. Zo’ravonlikning asl sababi - qora oltin.

“Muammoni etnik ziddiyatlarga to’nkash kulgili. Hammasiga neft sababchi”, - deydi u.

Kirkukda yashovchi aholining aksariyati ham shu fikrda. Ismat Laurdi, nasroniy aptekachi, mavjud muammolarda siyosatchilarni ayblaydi.

“Fuqarolar bir-biri bilan inoq, sen kurd, sen arab, sen nasroniysan deb ajratish yo’q. Hamma gap Bag’doddan chiqadi, muammo o’zagi o’sha yerda”, - deydi bu kishi.

Husayn Muhammad Hasan sunniy mahallasida yashaydi. Uning ta’kidlashicha, mazhablarni bir-biriga qayrashni siyosiy qurol qilib olishgan.

“Siyosatchilar dastidan hammamiz jabr ko’rayapmiz. Birodarlik va uyg’unlik kerak jamiyatimizga”.

Iroqda saylovlar yaqinlashgan sari zo’ravonlik ham uchiga chiqayapti. Kirkukda ko’pchilik bu yerdagi tabiiy boyliklarni avtonomiya kaliti emas balki kasofat deb biladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG