Kurdiston va Bag'dod orasida neft mojarosi davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Kurdiston neft bermay qo'yganidan beri Iroq markaziy hukumati va muxtoriyat o’rtasidagi aloqalar ancha taranglashgan.

2011-yilgi shartnomaga ko’ra, Kurdiston neftni Bag’dodga sotadi, Bag’dod esa qora oltinni chet elga eksport qiladi va olingan foydaning yarmi muxtoriyatga uzatiladi.

Kurdiston Tabiiy boyliklar vazirligining bildirishicha, o'tgan yilning may oyidan buyon markaziy hukumat neft uchun to’lamagan. Vaholanki, kuniga 50 ming barrel neft olingan.

O'tgan hafta Iroq Moliya vaziri Rafo al-Issaviy Kurdistonga 560 million dollar to’lash haqida qaror qabul qilindi, biroq hisob-kitob hali yakunlanmadi, degan edi.

Iroqning shia bosh vazir o'rinbasari Husayn al-Shahristoniy Kurdistondan olinayotgan neft kelishilgan miqdorda emas, balki kamroq ekanini ta’kidlaydi.

Uning aytishicha, neftning kattagina qismi Eron va Turkiyaga kontrabanda qilinmoqda. Rasmiy har ikkala mamlakatni chegaralarni yaxshiroq nazorat qilishga chaqirdi. Iroq nefti faqat qonuniy yo’llar bilan sotilishi kerak, dedi u.

Kurdistonda qazib olingan neftning Ba’gdodgacha yetib bormagani oqibatida 2011-yilda Iroq 3,5 milliard dollardan ko’proq zarar ko’rdi, deydi vazir.

Neft mojarosi tomonlar orasidagi kelishmovchilikni yanada chuqurlashtirdi. Dekabr oyida Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy sunniy vitse-prezident Tariq al-Hoshimiyni terrorizmda ayblaganidan so’ng, u Kurdistonga qochib ketgan edi.

Dushanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuv chog’ida Shahristoniy hozirda Hoshimiy Qatarda ekanini tilga olib, amirlik uni Iroqqa topshirishi kerak, dedi.

Vitse-prezident yashirinmay, Iroq sudida ko’rsatma berishi va o’zini himoya qilishi kerak, deydi rasmiy.

Kurdiston bilan kelishmovchilikka qaramay, Iroq mart oyida chetga kuniga 2,13 million barrel neft sotishga muvaffaq bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG