AQSh terrorga qarshi kurashda Iroqqa yordam bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bilan Vashingtonda, 30-oktabr, 2013-yil.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bilan Vashingtonda, 30-oktabr, 2013-yil.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy AQShdan terrorga qarshi kurashda madad so'ramoqda. Rasmiy Vashington bu borada Iroqdan yordamini ayamaslikka va'da bergan.

Ayni paytda poytaxt Bag’dod va shimoldagi Mosul shahrida yana xurujlar sodir etilib, kamida 19 odam halok bo’lgan.

Portlashlardan biri mahalliy jangari guruh sardorining uyi yonida, boshqasi politsiya mahkamasi yaqinida amalga oshirilgan. Hujumlar ortida kim turgani hali aniq emas.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy diniy adovatni avj oldirayotgan terrorchilarga qarshi kurashda AQShdan madad so’rayapti.

U shu maqsadda Vashingtonda bir qator yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashdi. AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning ta'kidlashicha, Vashington Iroqda xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha yordamini ayamaydi.

AQSh keyingi yilning oxirigicha Iroqqa F-16 qiruvchi samolyotarini sotmoqchi. Iroq allaqachon 650 million dollar miqdoridagi dastlabki to'lovni to'lagan.

Xunrezlik hujumlari oqibatida shu yilning o'zida 7500 odam halok bo'lgan. Malikiyning “Nyu-York Tayms” gazetasida e'lon qilingan maqolasida Iroqdagi zo'ravonliklar uchun al-Qoida ayblangan.

U o’z mamlakati yoki qo’shni Suriya terrorchilar iniga aylanishini istamasligini ta’kidlaydi. Malikiyning aytishicha, Iroq harbiy aslaha, ayniqsa, havo hujumidan mudofaa tizimiga muhtoj.

Bosh vazir juma kuni Oq uyda prezident Barak Obama bilan uchrashadi. Bu orada, AQShda bir guruh ko’zga ko’ringan senatorlar Iroqdagi tarqoqlikda, mazhablar va elatlar adovatida aynan bosh vazirning siyosatini ayblayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG