Arxeologlar Iroqdagi san'at asarlari kelajagidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Mosul - Iroqning madaniy jihatdan eng boy, diniy jihatdan eng rang-barang shaharlaridan. Ammo “Islomiy davlat” Mosulni o’z poytaxti deb e’lon qilganidan beri u yerdagi bebaho madaniy meros jiddiy xavf ostida qoldi. Jangarilarning so’nggi qurbonlaridan biri – Mosul muzeyidagi durdonalar.

“Islomiy davlat” jangari guruhi Iroqda minglab yillar davomida ko’zni quvontirib turgan bebaho san’at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi.

Bundan bir necha kun oldin tarqalgan videoda jangarilar Mosul muzeyidagi haykallarni buzayotgani tasvirlanadi. Chikago universiteti qoshidagi Sharqshunoslik instituti xodimlari buni ko’rib, hayratga keldi.

“Buni ko’rgandan keyin tushkunlikka tushmay bo’lmaydi. Butun umr ishlaganimiz narsalar bir damda yo’q bo’ldi,” - deydi Chikago universitetidan professor Magvayr Gibson.

U Mosulda ishlagan, videoda buzilgani tasvirlangan asarlarni yaxshi biladi, ularni o’rgangan.

Ayrimlari asl asarning nusxasi xolos, deydi u. Ammo haqiqiy durdonalar ham bor. Haykallardan biri, qanotli buqa, 2500 yoshda edi.

“Buqalarning biri juda yaxshi saqlangan edi. Uning tumshuq qismini majaqlab tashlashdi,” - deydi professor.

Qanotli buqani XX asrning 20 va 30-yillarida Chikago universiteti arxeologlari qazib topgan.

Unga o’xshash yana bir haykal o’sha yillari topilgan va hozir Chikago universitetining sharqshunoslik bo’limi muzeyida saqlanmoqda.

AQSh Davlat departamentining madaniy meros dasturi rahbari Lora Tedesko Mosuldagi voqea jangarilarning “provokatsiyasi” deydi.

“San’at asarlarini buzish ortida qator sabablar bor. Avvalambor, jangarilar uchun bu haykallar - butparastlik siymolari. Shu bilan birga, ular Iroq va Suriya hamda butun dunyo ahliga “Islomiy davlat” guruhining qudratini namoyish qilmoqchi va boshqalarning g’azabini qo’zg’atmoqchi,” - deydi u.

Tedeskoning o’zi afg’onshunos. 2001-yilda toliblar bahaybat Budda haykallarini, oltinchi asrdan meros qolgan javohirotni vayron qilganini eslaydi.

“Bu ham o’ziga xos qatliom. Tarixiy obidalarni yo’q qilish orqali xalq o’tmishidan judo qilinadi. Butun boshli elatning o’zligini yo’q qilish bu,” - deydi Tedesko.

Professor Gibson Bomiyondagi Budda haykallarini 1969-yilda Afg’onistonga borganida ko’rgan. Endi esa ularning faqat surati, xotirasi qoldi.

“Madaniyat o’zini yangilay olmaydi. Yo’q qilinsa, qayta tiklanmaydi. Bu san’at asarlari endi yo’q va hech qachon qaytmaydi”.

Shu sababdan Iroqdagi, qadim Mesopotamiya o’rnida qad ko’targan bu davlatdagi voqealar juda tashvishlanarli, deydi professor Gibson.

“Furot va Dajla daryolari o’rtasida vujudga kelgan Mesopotamiya sivilizatsiyasining boshlanishi davri edi u. Shaharlarning paydo bo’lishi, yozuvlarning shakllanishi. Madaniyat o’chog’ining ilk kunlari edi,” - deydi u.

Mosuldagi vahshiylikdan tashqari Gibsonni tashvishlantirayotgani –asarlarning qora bozorda pullanishi. Bebaho durdonalarga o’ch odamlar kam emas. Ular so’ralgan narxni berishga va asarlarning kelib chiqishi bilan qiziqmaslikka o’rgangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG