Tahlilchilar: Mosulning boy berilishi mintaqa uchun katta tahdid

  • Amerika Ovozi

Mosul, Tikrit va Beyji shaharlari. Iroq.

Mosul, Tikrit va Beyji shaharlari. Iroq.

Tahlilchilar Iroqdagi Mosul hamda Tikrit shaharlarining al-Qoidaga aloqador guruh jangarilari qo’liga o’tishi nafaqat Iroq, balki Yaqin Sharq mintaqasi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

AQSh rasmiylari Iroqdagi vaziyatning ancha og’irlashganini e’tirof etib, asosan, shialardan tarkib topgan hukumatni boshqa ozchilik elat vakillariga ham e’tibor qaratishga undamoqda.

10-iyun kuni Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISID) nomli jangari guruhi tomonidan Mosul shahrida amalga oshirilgan harakatlarni “agressiya”, deb qoraladi. Oqibatda Iroqning aksariyat aholisi sunniylar bo’lgan Nayneva viloyatida ahvol ancha yomonlashganini aytdi.

"Vaziyat nihoyatda jiddiy. AQShning ham Vashington, ham Bag’doddagi rasmiylari Iroq hukumati bilan birgalikda xodisalarni yaqindan kuzatib bormoqda. Qo’shma Shtatlar Iroq xalqini qo’llab-quvvatlashda davom etadi va umumiy maqsadimiz ISID tashkiloti tahdidiga qarshi birgalikda kurashish ekan, Iroq hukumatiga strategik shartnoma doirasida barcha kerakli yordamni ko’rsatamiz,” – dedi rasmiy.

Ernest, shuningdek, Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiy hamda u rahbarligidagi shialar hukumatini “barcha iroqliklarning ehtiyoj va talablariga javob berish”ga undadi.

AQSh Mudofaa vazirligi so’zlovchisi, kontr-admiral Jon Kirbi ham shunday bayonot berdi.

“Muammoni Iroq xavfsizlik kuchlari va Iroq hukumati hal qiladi. Biz esa harbiy aloqalar doirasida qo’ldan kelganicha yordam beramiz. Biz mamlakat ichida ekstremistlar tahdidiga qarshi kurashish uchun Bosh vazir Malikiyni o’sha hududdagi turli qabilalar rahbarlari bilan hamkorlik qilishga da’vat etamiz”, - dedi Pentagon rasmiysi.

Shu yilning boshdia ISID Falluja shahrini egallab olgan edi. Mosuldan g’arbda jangarilar Suriya sharqidagi ayrim hududlarni ham qo’lga kiritdi. Guruh Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashmoqda.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki Suriyadan odamlar kelib ISID saflariga qo’shilayotgani, shuningdek, ularga qurol-aslaha yetkazilayotgani va natijada guruh kuchayayotganidan ogohlantirdi.

“ISID nafaqat Iroq barqarorligi uchun, balki butun mintaqa uchun tahdiddir. Tobora kuchayayotgan tahlika barcha iroqliklarni umumiy dushmanga qarshi birlashishga va jangari guruhni yakkalab qo’yishga undaydi”, - dedi Davlat departamenti rasmiysi.
Iroq va Shom islomiy davlati (ISID):
Iroqdagi jangari guruh haqida ma'lumot
Al-Qoidaga aloqador guruhlar tomonidan shakllangan.
Iroq va Suriyada faol. Bu ikki mamlakat hududida islomiy davlat barpo etish niyatida.
Rahbari – al-Qoidaning Iroqdagi sobiq yetakchisi Abubakr al-Bag’dodiy ekanligi aytiladi.
Saflarida 5000 dan 7000 gacha jangari bor.
Har ikkala mamlakat hududida katta hujumlarni amalga oshirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG