Iroq neft sanoatini rivojlantirishda xavfsizlik eng katta muammo

  • Amerika Ovozi

Iroqlik ishchilar Basra yaqinidagi Zubayr neft konida, 15-may, 2011-yil.

Iroqlik ishchilar Basra yaqinidagi Zubayr neft konida, 15-may, 2011-yil.

Londonda dunyo neft sanoati vakillari ishtirokida o’tgan xalqaro konferensiyada qatnashgan Iroq rasmiylarining ta’kidlashicha, Iroq dunyoning yetakchi energiya manbalaridan biriga aylanmoqda. Lekin mutaxassislar nazarida, Iroqdagi xavfsizlik muammosi to’la bartaraf etilmaguncha, Iroqda energiya sanoatining gullab yashnashini umid qilish qiyin.

Iroq hukumatining aytishicha, olib borilgan so’nggi tadqiqot natijalari mamlakatda 350 milliard barrelga teng dunyoning eng katta neft zahirasi borligini ko’rsatmoqda. Ushbu raqam hali o’z tasdig’ini topmagan bo’lsa ham, ko’pchilikning fikricha, Iroq katta miqdordagi o’zlashtirilmagan qora oltin konlariga egaligi rost.

Londonda 18 – 20-iyun kunlari o’tgan “Iroq nefti - 2012” konferensiyasida Iroq hukumati rasmiylari hamda neft sanoati vakillari ishtirok etdi. Anjumanda qantashgan Iroq Parlamentining Neft qo’mitasi a’zosi Boyazid Hasan Abdullohning aytishicha, Iroq neft ishlab chiqarishni bir kunda 12 million barrelga chiqarish imkoniyatiga ega.

“2017-yilning oxirigacha Iroq bir kunda 12 million barrel neft ishlab chiqarishi mumkin. Shuningdek, Iroqda katta miqdorda gaz zahiralari ham bor. Chunki olingan har bir barrel neftdan 17 kubometr gaz olish mumkin”, deydi u.

“British Petroleum” kompaniyasinig sobiq rahbari Toni Heyvord ham London anjumanida ishtirok etdi. Hozir shimoliy Iroq hududida “Genel Energy” kompaniyasini boshqarayotgan Heyvordning aytishicha, Iroqning neft yetkazib berish borasidagi imkoniyatlarini oshirish uchun oldin mamlakat infrastrukturasinini yaxshilash kerak.

“Iroq dunyo sahnasida neft va gaz yetkazib berish bo’yicha yetakchi ta’minotchiga aylanishi uchun yangi infrastrukturaga kata ehtiyoj bor. Bundan ham muhimrog’i, Iroq fuqarolari turmishini yaxshilas uchun shart-sharoitlar yaratish”, deydi u.

Uzoq yillik urush va iqtisodiy jazo choralari oqibatida Iroqning neft va gaz infrastrukturasi boshqa neft eksport qiluvchi o’lkalarga qaraganda ancha eskirgan. “Exxon” va boshqa xorijiy neft kompaniyalari yangi quduqlar qazish va quvurlar yotqizish bo’yicha shartnomalar imzolagan. Ammo hozirgi hukumat okeanortidan kelayotgan sarmoyadorlarga uncha ro’yxushlik bermayapti.

“Chatham House” mustaqil tadqiqot instituti vakili Paul Stivensning aytishicha, hukumat hozir neft sanoati bo’yicha yangi loyiha tayyorlamoqda.

“Iroq hukumati, balki mavjud xavflarga rozi bo’lgan holda ishlashini belgilovchi qonun qabul qilmoqchi”, deydi u.

Mutaxassislarning fikricha, mamlakatda biznes qilishning bundan boshqa xavfli tomonlari ham bor. Firqaviy va diniy adovatga asoslangan zo’ravonliklarning hanuz davom etayotgani asosiy muammolardan. Misol, Iroqning shimoldagi Kurdiston yarim avtonom hududi shu yil boshida o’z haqqi to’lanmaganini aytib, Bag’dodga neft berishni to’xtatib qo’ygan edi. Muammolar mavjudligiga qaramay, Iroq aprel oyida bir kunda 2,5 million barreldan ko’p neft eksport qildi. Bu 80-yillardan beri kuzatilgan eng katta ko’rsatkichdir.

Iroq shuningdek siyosiy jihatdan notinch hudud markazida joylashgan bo’lib, Eron va Suriya bilan chegaraga ega.

Iroq hukumatining milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Muvaffaq al-Ruboiyning aytishicha, qo’shni hududlardagi vaziyat Iroqqa bevosita ta’sir o’tkazadi.

“Barcha siyosiy jarayonlar mahalliy va hatto global xarakterga ega. Suriya, Misr, Yaman va boshqa davlatlarda ro’y berayotgan jarayonlar albatta Iroqqa ta’sir ko’rsatadi”, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG