Breaking News

Iroq Turkiyani sudga bermoqchi


Iroq-Turkiya neft quvurlari
Iroq-Turkiya neft quvurlari
Bag’dod Turkiya bilan sudlashishga qaror qildi. Bunga sabab Iroqning kurdlar yashovchi hududidan Turkiyaga uzatilgan neftning Bag’dod ruxsatisiz sotilganidir. Iroqdagi markaziy hukumat Kurdiston iqtisodiy mustaqilligini cheklamoqchi. Biroq hozircha buning uddasidan chiqa olmayapti. Bag’dodning ogohlantirish va tahdidlari kor qilmayapti.

Bir necha oylik tayyorgarlikdan so’ng Anqara Iroq shimolida joylashgan yarim muxtor Kurdiston mintaqasidan qazib olingan bir million barrel neftni chetga sotdi.

Yonilg’ini kim xarid qilgani ma’lum emas. Bag’doddagi markaziy hukumat savdoga qarshi ekanini aytib, Turkiyaning bu amaliyoti noqonuniy bo’lishini ogohlantirib kelgan.

Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha ekspert Soli O’zelning aytishicha, endi Turkiya-Iroq munosabatlari yanada keskinlashishi mumkin.

"Aloqalar o’zi yaxshi emas edi. Malikiy va Erdog’an o’rtasida anchadan beri kutilgan uchrashuv ro’y bermadi. Munosabatlar sovuqlashishda davom etmoqda. Biroq Turkiya keskin javob berayotgani yo’q va bu vaziyatning ijobiylashishiga hissa qo’shishi mumkin", - deydi tahlilchi.

Turkiya energetika vaziri Taner Yildiz savdo to’xtamasligini aytdi.

"Bu boshlanishi endi", - dedi u.

Anqara Iroq Kurdistonining o’z hududida topilgan yangi energetik zaxiralarni sotishga konstitutsiyaga binoan haqli ekani haqidagi da’volarini qo’llab-quvvatlaydi.

Anqaraga ko’ra, neft savdosidan tushgan daromad konstitutsiyaga muvofiq Kurdiston va Bag’dod o’rtasida baham ko’rishi kerak. Iroq Neft sanoati vazirligi Parijda asoslangan Xalqaro tijorat palatasiga masalani ko’rib chiqishni so’rab, shikoyat bilan murojaat qildi.

Tahlilchilarga ko’ra, Bag’dod Kurdiston muxtoriyatini Turkiyagacha quvur tushirayotgani uchun jazolash maqsadida byudjetini kesishga qaror qilgan ekan, muxtoriyat ayni damda pulga juda muhtoj.

Biroq Bryusseldagi Karnegi institutida ishlayotgan turk eksperti Sinan Ulgenning aytishicha, tomonlar puldan ko’ra hokimiyat uchun ko’proq tortishmoqda.

"Ushbu tortishuv natijasida markaziy hukumat va Kurdiston muxtoriyati o’rtasidagi kuchlar muvozanati o’zgaradi. Muxtoriyatda o’z nefti va gazini Bag’dod ruxsatisiz eksport qilish imkoni paydo bo’ladi. Bu bilan mintaqaning iqtisodiy xavfsizligi oshib, kuchlar muvozanatining o’zgarishi muqarrar", - deydi Sinan Ulgen.

Iroq hududiy daxlsizligi bo’yicha xavotirlar Qo’shma Shtatlarni bu masalada Bag’dodni qo’llab-quvvatlashga hamda Anqarani Iroq neftini chetga sotgani uchun tanqid qilishga majbur qildi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Iroq markaziy hukumati ruxsatisiz eksport qilinishini yoqlamaydi.

Xalqaro aloqalar bo’yicha ekspert Soli O’zel nazarida Anqara muhim strategik maqsadiga erishish uchun diplomatik kuchini ishga solyapti.

"Turkiya hukumati maqsadiga erishmoqchi va bunga qodir ekanini amalda isbotlamoqchi. Anqara uchun gaz va neft markazi bo’lish muhim. Bu ish qonuniy yo’l bilan uning qo’lidan kelmasa ham uni amalga oshirmoqchi", - deydi O’zel.

Biroq turkiyalik boshqa tahlilchi Sinan Ulgenga ko’ra, Bag’dod bo’sh kelmaydi va kurashsiz taslim bo’lmaydi.

"Iroq hukumati mamlakatning boshqa hududlari ham Basra kabi Kurdistondan o’rnak olishidan xavotirda. Aks holda markazning qolgan hududlar ustidan nazorati susayishi mumkin", - deydi Ulgen.

Shu kunga qadar Turkiya Bag’dod bilan kelishmasdan Kurdiston neftini sotmaslikka so’z bergan edi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida Anqara Iroq bosh vaziri Nuri al Malikiy yangi hukumatni tuzishda qiyinchilikka uchrayotgan bir paytda va’dasini buzishga qaror qildi. Davlat neftining noqonuniy sotilganiga doir da’vo sudda oylab va hatto yillab ko’rilishi mumkin. Ungacha esa, deydi tahlilchilar, Turkiya va Kurdiston hukumatlari vaziyat ularning foydasiga o’zgarishi mumkinligiga umid qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG