Breaking News

Iroq parlamentining faoliyati to'xtadi, deputatlar Bag'doddan qochdi


Muqtada al-Sadr tarafdorlari Bag'dodda to'planmoqda
Muqtada al-Sadr tarafdorlari Bag'dodda to'planmoqda

Iroq jiddiy siyosiy inqirozga yuz tutmoqda. Poytaxt Bag'dodda favqulodda holat, shia diniy yetakchisi Muqtada al-Sadr tarafdorlari bir paytlar xavfsiz hisoblangan Xalqaro zonaning bir qismini egallamoqda, qonunchilar shahardan qochgan, armiya shay holatda.

Bo'shab qolgan parlament binosi qarshisida ko'plab odamlar to'plangan. Shanba kuni namoyishchilar parlamentga bostirib kirdi, natijada asosan ozchilikdagi kurd va sunniy partiyalariga a'zo 60 deputat Irbil va Sulaymoniyaga qochdi.

Ulardan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, xavfli vaziyat yuzaga keldi, ayrim qonunchilar kaltaklandi.

Xalqaro zonada xorijiy elchixonalar, BMT idorasi joylashgan. Ayrimlar namoyishchilar zonadagi binolarga hujum qilishidan xavotirda.

Bag'dodda bir necha haftadan beri hukumatga qarshi namoyishlar o'tayotgan edi. AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden bir necha kun oldin Iroqqa kelib, rahbariyat bilan siyosiy vaziyat va "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni muhokama qilgan.

Sadr hukumatga tanish-bilishlarni emas, professional kadrlarni tayinlashni talab qilmoqda. Siyosiy islohotlarni va'da qilgan Bosh vazir Haydar Abadiy buning uddasidan chiqqani yo'q - hokimiyatni qo'ldan chiqarishni istamayotgan siyosiy partiyalar Abadiy taklif etgan nomzodlar ro'yxatini bir necha bor qabul qilmadi.

Bosh vazir Ichki ishlar vaziri Muhammad Salim al-G'abbonga parlamentga hujum qilganlarni topib, jazolashni buyurdi.

Bir rasmiyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Sadr tarafdorlari orasida ko'plab yoshlarni, sunniylar va nasroniylarni ham uchratish mumkin. Bag'doddagi ayrim shia arboblar Sadrning poytaxtga yurishidan norozi.

Ba'zilar shia guruhlar o'rtasida to'qnashuv ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Bu "Islomiy davlat"ga qo'l kelishi mumkin. Jangarilarning shaharga hujumining oldini olish uchun Bag'dodga barcha kirish yo'llari shanba kuni yopilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG