Breaking News

Nuri al-Malikiy bosh vazirlikdan ketishga rozi


Iroqni sakkiz yil boshqargan Nuri al-Malikiy yangi bosh vazir Haydar al-Abadiy va boshqa qonunchilar bilan. 14-avgust 2014-yil
Iroqni sakkiz yil boshqargan Nuri al-Malikiy yangi bosh vazir Haydar al-Abadiy va boshqa qonunchilar bilan. 14-avgust 2014-yil

Nuri al-Malikiy Iroq xalqiga murojaat qilib, bosh vazirlikni Haydar al-Abadiyga bo’shatyib berajagini ma’lum qildi.

Payshanba kechqurun milliy televideniyeda chiqish qilgan rasmiy, yonida Abadiy va boshqa siyosiy arboblar turar ekan, “yangi hukumat tuzishga qaratilgan siyosiy jarayonni osonlashtirish” uchun bunday qilayotganini aytdi.

Konstitutsiyaga ko’ra uchinchi muddatga qayta saylanishga haqli Malikiy hokimiyatni boy berishdan bosh tortayotgan edi. Bundan uch kun oldin u televideniye orqali bosh vazir lavozimida qolish niyati qat’iy ekanini aytgan edi. Safdoshlari Malikiyga jiddiy bosim ko’rsatdi. Uni sunniy musulmonlar va kurdlarni siyosatga yaqinlashtirmayotganlikda aybladi. Dushanba kuni prezident Fuad Massum uning o’rniga mo’tadil qarashlarga ega arbob, shia, parlament spikeri muovini Haydar al-Abadiyni tayinlagan edi.

G’arb davlatlari hukumatlari va Eron Iroqning sunniy musulmonlari va kurdlari bilan birgalikda Malikiyni iste’fo berishga undab kelayotgan edi.

Vashington Malikiyning qarorini olqishladi va uning Abadiyni qo’llab-quvvatlashi “mamlakatni birlashtirishga qarata qo’yilgan yana bir qadam”, deya baholadi.

Vaziyat og’ir

Ayni vaqtda “Iroq va Shom slomiy davlati" nomli radikal guruh mamlakat shimoli va g’arbida janglarni davom ettirmoqda. Oz sonli Iroq armiyasi ularga qarshilik ko’rsatishga ojiz.

AQSh qiruvchi samolyotlari va dronlari jangarilarning qurol-aslahaga to’la ikki harbiy mashinasini yo’q qilgan.

Prezident Barak Obama havo hujumlari oqibatida jangarilarning Sinjar tog’idagi qamaliga chek qo’yilganini aytdi.

“Tog’dagi vaziyat ancha yaxshi. U yerdagi odamlarni evakuatsiya qilish uchun qo’shimcha hujumlarga hojat yo’q”, - dedi Obama.

12-avgust kuni hududdagi vaziyatni o’rgangan 20 nafar amerikalik mutaxassis u yerda qamalga tushgan minglab yazidiylar va sunniy musulmonlarning kattagina qismi qochishga muvaffaq bo’lganini ma’lum qilgan edi.

Qolganlarning ahvoli esa qoniqarli, dedi AQSh rasmiylari.

Tog’da qariyb 4500 odam qolmoqda. Ularning yarmi cho’ponlar bo’lib, boshqa joyga ko’chmoqchi emas. Ma’lum bo’lishicha, ular qamaldan oldin ham Sinjar tog’ida yashagan.

Payshanba kungi matbuot konferensiyasida Obama kelasi bir necha kun ichida harbiylarning aksar qismi Iroqdan chiqarilishini bildirdi. Ular faoliyatini yuqori baholagan prezident havo hujumlari va gumanitar faoliyatda xatolar bo’lmaganini aytdi.

Ayni vaqtda Obama Iroqning boshqa hududlarida vaziyat og’irligicha qolayotganini ta’kidlab o’tdi.

“Biz Iroq xalqiga yordam berish yo’lida xalqaro hamkorlarimiz bilan birga ishlashda davom etamiz”, - dedi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG