Iroq Rossiyadan qurol sotib olish fikridan qaytdi

  • Amerika Ovozi

Iroq hukumati Rossiyadan 4,2 milliard dollarga teng qurol-yarog’ xarid qilish to’g’risidagi bitimdan voz kechgan. Bosh vazir Nuri al-Malikiy ma’muriyatining bildirishicha, bunga sabab korupsiya.

Boshqa rasmiylarning aytishicha esa kelishuv bekor qilingan emas, balki tekshiruv ostida. Kim yoki nima tekshirilayotgani ma’lum emas.

O’tgan oy imzolangan mazkur kelushuvga muvofiq, Rossiya Iroqqa katta miqdorda qurol-aslaha, jumladan MI-28 rusumidagi jangovar vertolyotlar yetkazadi.

Kreml vaziyat bo’yicha izoh berganicha yo’q. Iroq hukumati qaysi tomonni korrupsiyada ayblayotgani ham hozircha noaniq.

Oktabrda Nuri al-Malikiy boshchiligidagi delegatsiya Moskvada dabdaba bilan kutib olingan, prezident Vladimir Putin Rossiya ishlab chiqaradigan qurollar sifatini maqtagan edi.

Saddam Husayn davrida Sovet Ittifoqi Iroqning qurol ta’minotchisi bo’lgan.

Qo’shma Shtatlar, o’z navbatida, Saudiya Arabistoniga 6,7 milliard dollarga teng qurol sotishini e’lon qildi. Yuk tashuvchi samolyotlar va boshqa texnika haqida gap ketmoqda.

Bitim ittifoqchi davlat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, deydi AQSh rasmiylari. Vashington nazarida, Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqda siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo’shib kelmoqda.

Bu davlatga qurol sotish bitimi AQSh Kongressi tasdig’idan o’tishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG