Xalqaro Amnistiya: Shia jangarilari sunniy aholini nishonga olmoqda

  • Amerika Ovozi

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti chiqargan yangi hisobotga ko'ra, Iroqdagi shia jangarilari sunniy tinch aholiga qarshi odam o'g'irlash, qiynoq va qatl etish jinoyatlarini qo'llamoqda. Ular bu ishlarni "Islomiy davlat" sunniy jangari guruhi sodir etgan qabihliklarga javoban amalga oshirayotganini da'vo qilladi. Kuzatuvchilar mamlakatda mazhablararo ziddiyat yanada kuchayishidan xavotirda.

O'zini "Mahdiy armiyasi" deb atovchi shia guruhi o'tgan oy Tikritda "Islomiy davlat"ga qarshi o'tgan janglarda kurd va Iroq askarlari safida turib kurash olib bordi.

Ammo shia jangarilari tinch aholi vakillarini o'g'irlash, qiynoqqa solish va qatl etish kabi jinoyatlarga qo'l urmoqda, deya xabar beradi "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti.

"Islomiy davlat" sodir etgan jinoyatlar uchun sunniy erkaklardan qasos olinmoqda. Barcha sunniylarni jangari guruh tarafdori sifatida ko'rishmoqda", - deydi guruh rasmiysi Donatella Rovera.

"Xalqaro Amnistiya" ma'lumotiga ko'ra, shialar Bag'dod, Samarra va Kirkuk shaharlarida o'nlab sunniylarni qatl etgan. Bir necha shaharlarda qo'llari kishanlangan va boshining orqasidan otilgan yuzlab jasadlar topilgan.
Iyun oyida "Islomiy davlat" ko'plab hududlarni qo'lga kiritganidan beri shia jangarilari ham kuchayib ketdi, deydi Rovera.

"Hukumat hech narsa qilmadi. Armiya mamlakat shimolidagi butun boshli aholini o'z holiga tashlab ketdi. Aksincha, shia jangari guruhlarini qurollanishga, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashishga da'vat qildi", - deydi xalqaro kuzatuvchi.

Iroqning yangi Bosh vaziri Haydar al-Abadiy mazhablararo nizolarga chek qo'yishga va'da bergan. Ko'plab tahlilchilar sunniy va shialar o'rtasidagi ixtilofning kuchayishida sobiq hukumat rahbari Nuri al-Malikiyni ayblaydi.
BMT hisob-kitobiga ko'ra, o'tgan oyning o'zida 1000 dan ortiq odam mazhablararo to'qnashuvlar qurboni bo'lgan.

"Islomiy davlat"ning vahshiyligi hamda shia guruhlarining javob choralari Iroqda o'ta xavfli vaziyatni yuzaga chiqarmoqda, deydi Donatella Rovera.

"Mahzablararo ziddiyat 2006-2007-yillarda kuzatilgan eng yuqori darajaga chiqdi", - deydi u.

Bundan o'n yillar oldin shia-sunniy ixtilofi kuchaygan paytda diniy ulamolar vaziyatni o'z narozatlari ostiga olgan edi, deydi Qirollik Birlashgan xizmatlar instituti tadqiqotchisi Afzal Ashraf.

"Shia jamiyatining diniy yetakchisi Oyatulla Sistoniy isyon qilmaslik, aksincha, saylov orqali hokimiyatga kelish shialarning, xususan, Iroqning manfaatlariga xizmat qilishini aytib, guruhlarni tinchlantirishga muvaffaq bo'lgan edi", - deydi u.

"Islomiy davlat" jangarilari shimoliy Iroq va Suriyadagi hujumlarini davom ettirar ekan, tahlilchilar ularni mintaqa beqarorligining eng asosiy sababchisi sifatida ko'rmoqda. Ammo mazhablararo ziddiyat Iroq kelajagini tahdid ostiga qo'yuvchi uzoq yillik muammoga aylanishi mumkin, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG