Iroqda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashdagi qiyinchiliklar

  • Amerika Ovozi

Anbar viloyati, Iroq

Anbar viloyati, Iroq

Iroq hukumatiga qarashli qo’shinlar “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhini aksariyat aholisi sunniylar bo’lgan Anbar viloyatidan haydab chiqarishga harakat qilmoqda. Ularga Eron qo’llab-quvvatlaydigan ko’ngilli otryadlar yordam berishi amri mahol, vaholanki shu kungacha IDga qarshi kurashda Eron qo’llovi katta ahamiyatga ega edi.

Anbar viloyatining Ramadi shahri atrofida janglar davom etmoqda. Sunniylar yashaydigan bu hududda IDning asosiy istehkomlari ham joylashgan.

Iroq tezkor qo’shinlar qo’mondoni, brigada generali Muad Hamad uyma-uy janglar olib borilayotganini aytadi.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy o’tgan hafta Anbardagi qo’shinlarni borib ko’rdi va IDni Iroqning sunniylar yashaydigan qismidan haydab chiqarish operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Ammo shialar yordamisiz Iroq qo’shinlari qiynalib qolishi mumkin, deydi tahlilchi Afzal Ashraf.

“U hududga shialarni yuborib bo’lmaydi, chunki buning ortida katta tarixiy muammo bor. Hukumat vakillari va shia ko’ngilli otryadlari sunniylar deb hisoblangan, ammo aslida “Baas” partiyasi a’zolari bo’lganlar qiynoqqa solgan,” - deydi u.

Shu oy boshida ID Tikritdan haydab chiqarilganidan keyin shia ko’ngilli jangchilari sunniylar uylari va bizneslarini o’marishda va o’t qo’yishda ayblandi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun yakshanba kuni qo’ngillilarni hukumat nazorat qilishi kerakligini aytadi.

“Men "Islomiy davlat"dan ozod etilgan hududlarda Iroq hukumati qonun ustuvorligini qayta tiklashi kerak, deyman,” - deydi BMT rahbari.

Eron shia ko’ngillilarini tayyorlash va ularga ko’maklashishda asosiy rol o’ynagan, deydi Afzal Ashraf.

“Eronliklar ID nafaqat Bag’dod va Najafni bosib olishi, balki boshqa muqaddas joylarni yer bilan yakson qilishi xavfi bor, deb hisoblagan”.

Eron generali Qosim Sulaymoniy Iroqda IDga qarshi kurashayotgan shia ko’ngillilariga yetakchilik qilgan. Biroq uning nazorati cheksiz emas, deydi tahlilchi.

“Ular tartib va intizom nimaligini bilmaydi. Armiyadan farqi ham shunda. Shu sababli ularning jinoyatlari va zolimliklarini to’xtatish qiyin. Eron qancha harakat qilmasin ko’ngillilarni to’la nazoat qila olmaydi,” - deydi Ashraf.

Iroq rasmiylari Anbar viloyatidagi janglarda shialar qatnashmayotganini ma’lum qildi. AQSh esa ularga ID istehkomlarini havodan bombardimon qilishda yordam bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG