Iroq shialari sardori rahbariyatni yangilashni taklif qildi

  • Amerika Ovozi

Iroqda shialar diniy rahnamosi Oyatulla Ali al-Sistaniyning surati

Iroqda shialar diniy rahnamosi Oyatulla Ali al-Sistaniyning surati

Iroq shialari rahbari Oyatulla Ali al-Sistaniy mamlakatda avj olgan mazhablararo zo’ravonliklarga chek qo’yish maqsadida siyosiy kuchlarni maslahat qilib, yangi bosh vazir, prezident va parlament spikerini tanlashga chaqirdi.

Yaqinda saylangan parlament seshanba kuni majlis qilib, sunniylarni ham o’z ichiga olgan yangi hukumat tuzishi kutilmoqda.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy favqulodda hukumat tuzilishiga qarshi. Uning nazarida bu konstitutsiya va 30-aprelda o’tgan parlament saylovlariga xilof.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Saudiya Arabistonida bo’lib, qirol Abdulla bilan Iroqdagi vaziyat va Malikiyning siyosiy taqdiri haqida fikr almashishi kutilmoqda.

Kecha Kerri Parijda Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Iroqning bir qismini ishg’ol qilgan “Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhiga qarshi qo’shma harakatlar haqida gaplashgan.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida al-Qoidaga aloqador guruh Fors ko’rfazidagi sunniy mamlakatlar tomonidan Iroqdagi shia hukumatga qarshi kurashda qo’llab-quvvatlanmoqda.

AQSh rasmiylariga ko’ra, arab diplomatlari Malikiy hukumatiga harbiy yordam taklif etmagan, biroq Vashingtonning umid qilishicha, arab davlatlari sunniy jangarilarga bo’lgan ta’sirini ishga solishi mumkin.

Oq uy o’z navbatida “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhiga qarshi havo zarbalarini rejalamoqda. Iroqqa madad sifatida piyoda askarlar yuborilmaydi, ammo Vashington 300 harbiy maslahatchisini Bag’dodga jo’natgan. Bundan tashqari AQSh razvedkachi samolyotlari har kuni Iroq bo’ylab 30-35 marotaba parvoz qilib, jangarilar haqida ma’lumot to’plamoqda.

“Iroq va Shom islomiy davlati” poytaxt Bag’dodga yurish qilmoqchi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti bergan ma’lumotga ko’ra, jangarilar Tikrit shahrida kamida 160 odamni ommaviy qatl etgan.

Sunniy guruhning shialarga qarshi zug’umi qo’shni Eronni xavotirga solmoqda. Tehron mazhabdoshlariga amaliy yordam bermoqda va Iroq armiyasini harbiy anjomlar bilan ta’minlamoqda.

Suriyadan Iroqqa o’tgan jangarilar Suriya harbiy-havo kuchlari tomonidan ham o’qqa tutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG