"Islomiy davlat" Iroqda shia maqbarasiga hujum qildi

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" to'dasi Iroqda shialar maqbarasiga hujum qilib, kamida 35 odamni o'ldirgan. O'nlab fuqaro jarohatlangan.

Bag'dod shimolidagi Sayid Muhammad maqbarasi yonida avval otishma boshlanib, so'ng bir necha odam o'zini portlatgan.

Bir necha kun oldin, hayit arafasida Iroq poytaxtidagi gavjum savdo markazida shu kabi xuruj yuzlab fuqaroning boshini yegan edi. Iroq tarixidagi eng qonli haftalardan bu. Maqbara xizmatchisi Haj Ali Husayn hujumni shunday tasvirlaydi.

"Beliga bomba taqqan ikki shaxsni ko'rdim. Biri xavfsizlik xizmati ko'rigidan o'tayotgan payt o'zini portlatdi. Ikkinchisi maqbara tashqarisida bombani harakatga keltirdi. Yaxshiyamki, imoratning ichiga kira olishmagani", - deydi u.

Balad shahridagi muqaddas dargohga hamla oldidan "Islomiy davlat" jangarilari otishma boshlab, so'ng maqbara ichkarisiga kirishga uringan. Suiqasd hujumchilar imoratga kiraverishda politsiya tomonidan otib o'ldirilgan.

Bu orada, poytaxtda hafta boshidagi qonli hujumlar ortidan Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy Bag'dod shahar xavfsizlik xizmati boshlig'i va yana bir necha rasmiyni ishdan bo'shatdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG