Iroqda hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti

  • Amerika Ovozi

Iroqda minglab sunniylar tengsizlik va diskriminatsiyani bas qilish talabi bilan yana namoyishga chiqdi. Falluja, Tikrit, Ramadi va Mosul shaharlarida olomon shia Bosh vazir Nuri al-Malikiy hukumatini mahbuslarni ozod etishga chaqirdi.

Poytaxt Bag’doddagi Abdul Qodir al-G’ayloniy masjidida o’tgan juma namozidan so’ng radikal shialar yetakchisi Muqtada al-Sadr ham namoyishchilarga qo’shildi.

“Iroq bahoridan nishona bu. Namoyishchilarning talablari asosli, hukumat ularga quloq tutishi kerak”, - deydi peshvo.

2010-yilgi saylovlarda Bosh vazir Malikiyni qo’llab-quvvatlagan Muqtada al-Sadr bugun sunniylar va kurdlar qatorida uni iste’foga chaqiryapti.

“Mintaqaga katta siyosiy o’zgarishlar olib kelgan arab bahori ta’siridan Iroq ham chetda qolmaydi”, deydi u.

Iroq parlamentidagi kurd deputatlardan biri Latif Mustafo Amin fikricha, hukumat ozchilikdagi guruhlarni kamsitish siyosatini bas qilishi kerak, aks holda Iroq parchalanib ketishi mumkin.

Nuri al-Malikiy ayrim ayol mahbuslarni ozod etish bilan birga namoyishlarga ogohlantirish berdi:

“Hukumat tartibbuzarlarga qarshi chora ko’rmaydi deb o’ylamang. Bosh qonunga zid bu harakatlarni darhol bas qiling”.

Yaqinda sunniy mazhabidagi Moliya vaziri Rafia al-Issaviyning tansoqchilari hibsga olingani kuchli norozilikka sabab bo’lgan. Saddam Husayn ag’darilganidan keyin hokimiyatni qo’lga olgan shialar raqiblarini ta’qib qilayapti, hukumat diskriminatsion siyosat olib borayapti, deydi namoyishchilar.

O’tayotgan haftada Iroqdagi hujumlarda o’nlab odam halok bo’ldi. Jangarilar Musayyib shahrida shia ziyoratchilarni nishonga olibm 27 nafarini o’ldirgan. Shuningdek, bir necha xonadon portlatilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG