Suriya va Eron Bag’dodga isyonni bostirishda ko’maklashyapti


G’arb hukumatlari Iroqdagi barcha siyosiy guruhlarni, shia, sunniy va kurdlarni birlashishga chorlamoqda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg bugun Bag’dodda Bosh vazir Nuri al-Malikiy bilan shu haqda gaplashdi. Kurdiston avtonomiyasi prezidenti Masud Barzaniy bilan ham uchrashuv rejada.

Britaniya mulozimiga ko’ra, parchalanib ketish yoqasida turgan Iroqni siyosiy birdamlik qutqarib qolishi mumkin.

AQSh, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari ishtirokida Parijda o’tayotgan yig’inda ham Iroq bosh masala. Yangi hukumat tuzishni kechiktirmaslik kerak, deydi Amerika bosh diplomati Jon Kerri.

Lekin Bosh vazir Nuri al-Malikiy favqulodda hukumat tuzish taklifini konstitutsiyaga va yaqinda o’tgan saylov natijalariga zid deya rad etdi.

Malikiyning shia hukumati ozchilikdagi guruhlarni siyosatdan chetlashtirgani, aholi orasida uning boshqaruvidan chuqur norozilik Iroqdagi hozirgi vaziyatga yetaklagan omillar deya ko’riladi.

“Iroq va Shom islomiy davlati” nomli terrorchi guruh shimol va g’arbda qator shaharlarni bosib olgan va Bag’dodga yurish rejalamoqda.

Qo’shma Shtatlar Bag’dodga 300 harbiy maslahatchi, maxsus kuchlar va qurol-aslaha jo’natmoqda. Ammo qo’shin olib kirmaydi.

Suriya va Eron ham Iroqqa sunniy jangarilarga qarshi kurashda ko’maklashyapti. Shu hafta Suriya samolyotlari chegara hududni bombardimon qildi. Eron esa Iroqqa qurol-aslaha va razvedkachi dronlarini jo’natgan.

XS
SM
MD
LG