Suriya va Iroqdagi janglarda qatnashayotgan markaziy osiyoliklar kimlar?


Ba’zi manbalarga ko’ra, hozir Suriyada bir necha yuz tojikistonlik jang qilayapti. Ular qaysi yo’llar bilan borib qolgan, nega jangga bosh qo’shayapti? Maqsadi nima?

Ijtimoiy tarmoqlarda Suriya va Iroqdagi jangarilar orasida markaziy osiyoliklar ham borligini aks ettiruvchi video ma'lumotlarga duch kelasiz. Ba’zi manbalarga ko’ra, hozir Suriyada bir necha yuz tojikistonlik jang qilayapti. Ular qaysi yo’llar bilan borib qolgan, nega jangga bosh qo’shayapti? Maqsadi nima?

Markaziy Osiyodan Suriyaga borib qolgan jangarilar, asosan, uch to’daga, Al-Qoidaning u yerdagi bo’g’ini hisoblanadigan «Jabhat ul Nusra» frontiga, «Iroq va Shom islomiy davlati» (hozirda "Islomiy davlat") hamda «Jaysh al-Muhojir val Ansor» guruhlariga qo’shilgani haqida xabarlar bor.

O’zini Umarshayx deb tanishtirgan tojik mudarrisining aytishicha, Suriyaga borib qolganlarni uch guruhga bo’lish mumkin.

Birinchisiga moliyaviy-ijtimoiy qiyinchiliklardan bezib ketganlar kirsa, ikkinchi guruhni aldangan dindorlar tashkil etadi. Uchinchi guruhga esa, ekstremist aqidaga ega, o’zini qurbon etishga tayyor mutaassiblar kiradi. Oldingi ikki guruhdagilarni turli yo’llar bilan qaytarish mumkin, xatosini bilib ba’zilari o’zlari ham qaytmoqda, ammo uchinchi tur odamlardan ehtiyot bo’lish kerak, ular hech narsadan qaytmaydi, deydi Umarshayx.

Suriyada halok bo’lgan 26 yashar tojikistonlik Baxtiyor Sherovning onasi Xosiyat farzandi kamgap va odobli bo’lganini, tirikchilik sabab ikki yil muqaddam Rossiyaga ketganini aytadi.

“Farzandim bir jangari odam emasdi, besh vaqt namoz o’qirdi, ro’zg’orimiz but bo’lsin deb Rossiyaga ketdi. Yuz marta aytdim borma-borma deb, ishoning, aqlim yetmaydiki, mening bolam shunaqa joyga boradi deb, haligacha ishongim kelmaydi. Biron kishi telefon qilib qolsa, bolam emasmikan deb yuragim hapqiradi”, - deydi u.

Tojikistonlik yosh namozxon ziyoli Faridun Hoshimov yoshlarning Rossiya orqali Suriyaga ketib qolayotganlarini mamlakatda turli cheklovlarning ko’payib ketganligi, respublikaning qashshoqligi bilan izohlaydi. Uning aytishicha, arab davlatlariga boruvchilar hukumat nazoratida, ammo mehnat muhojirlarini hech kim nazorat qilmaydi.

“Rossiyaga borganlar kamgina ishlab, pul qilib, islomni o’qib, “birodar” lar bilan ko’rishib, ham tirikchilik, ham Xudoning yo’liga xizmat qilaman deb Turkiya yo boshqa yo’llar bilan bilmasdan ketib qolishmoqda. Rossiyaga borib nima o’qishadi, nimani orqasidan ketishmoqda, fikri nima? Biz haqiqatni bilmaymiz, bizga qorong’u. Pulmi yo Allohmi? Rossiya ularga koridor bo’lib qolmoqda”, - deydi u.

Faridunning fikricha, Rossiyada diniy erkinlik Tojikistondagiga qaraganda ancha ozod va hur fikrlilik bor.

"U yerda kim qanday namoz o’qisa, hech kimning ishi yo’q. Bizda esa darrov nega unday, nega bunaqa deb tergasadi. Hijob o’rasa, hatto qarindoshing gapiradi", - deydi suhbatdosh.

“Shuning uchun ham yoshlar boshqa joyda farqni ko’rib, Tojikistonda nima ham bor, hech nima qolmagan deb ketib yuboradi. Hayot aziz va shirin, lekin Tojikistonning sharoiti… Bu yerda o’likdeksiz, na yozni yozdek ko’rasiz, qishni qishdek. Davlat ishida ishlayman desangiz soqolingiz bo’lsa, gapirsa, “birodar” bo’lsangiz, xotiningiz hijob kiysa, gapirsa… Ular hayotdan to’yib ketadi, bu yashaganim nima-yu, o’lganim nima, o’lsam Xudoning yo’lida o’lib ketaman deyishadi yoshlar”, - deydi Faridun.

Uning fikricha, jangari yoshlarning bu ishini jihod deb bo’lmaydi, bularning hammasi neft va pulning orqasidan bo’layotgan ishlar.

“Bechora yosh bolalar Alloh deb ketmoqda, Allohni yo’lida deb, ularniki, Xudoning o’zi biladi, qabulmi yo’qmi, lekin davlat bularning orqasidan foydalanyapti, pul qilyapti, har qanday urush pul keltiradi. Bu yerdagi bolalar kimga kerak, tojiklar kamayayaptimi, ko’payayaptimi, hech kim hisobga olmaydi. Bolalar ketdi, u yerda o’ldimi yo bechora Rossiyada ishlab bironta skinxed urib o’ldirdimi, farqi yo’q bizning davlatga. Bu yerda yurganlarning ham hisobi yo’q, davlat qaramaydi”, - deydi u.

Tojikiston prezidenti shu yil 25-iyulda mamlakatdan tashqarida harbiy amaliyotlarda qatnashganlarni 12 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etish haqidagi qonunni tasdiqladi. Rasmiylarga ko’ra, bu qaror yoshlarni nojo’ya harakatlardan qaytarish maqsadida qabul qilingan.

Sho’rolar davrida Afg’onistondagi urushda qatnashgan sobiq desantchi Hasan fikricha, Suriyadagi jangarilarni vatanga qaytarishdan foyda yo’q.

“Chunki ular qon va o’lim ko’rgan, qayerda qanday jang qilishni biladilar, ular bu yerga ma’lum aqida va tajribalarini olib kelishadi, ularning o’sha yerda yo’q bo’lib ketishgani ma’qul”, - deydi u.

Olinayotgan ma’lumotlarga qaraganda, Suriya, Pokiston va Afg’oniston, ehtimolki, Iroqda ham Markaziy Osiyo jangarilari harbiy amaliyotlarda ishtirok etmoqda.

Mahalliy huquqshunos Anvar Xo’jayevning aytishicha, ularning ko’pchiligini mehnat muhojiri bo’lib ketgan yoshlar tashkil etadi. Suriyadagi tojikistonlik va yo markaziy osiyoliklar miqdori haqidagi ma’lumotlar taxminiy bo’lib, unga ishonib bo’lmaydi, deydi u.

“Nazarimda, mingdan ortiq deb aytishayotgani haq gapga o’xshaydi. Unda qancha tojik, o’zbek yoki qozoq borligini hech kim aytib berolmaydi. Anig’i shuki, u yerda bizning farzandlarimiz bor, mana shunisi yomon», - deydi u.

Ikki yil muqaddam Rossiyaga mardikorlikka ketgan Baxtiyor Sherovning Suriyadagi janglarda o’ldirilgani Tojikistonda shov-shuv bo’lib ketdi.

Baxtiyorning onasi qolganlarni hushyorlikga undaydi, g’amzadalikdan, alamdan achchiq-achchiq yig’laydi.

“Og’izdan og’izga o’tib gap bo’ldi, mening aka-ukam yo’q, ota-onam yo’q, yagona umidim edi yolg’iz bolam. Qaysi ona o’z bolasi shahid ketishini istaydi, kim yagona farzandidan judo bo’lishni xohlaydi?” – deya noliydi u.

Motamsaro ona qolganlarni bolalariga hushyor bo’lishga, ularni har xil to’dalarga qo’shilib qolishdan asrashga, nazorat qilishga chaqiradi.

XS
SM
MD
LG