Iroqda minglab fuqarolar jangarilarga qarshi kurashga tayyor

  • Amerika Ovozi

Bag'dodda armiyaga yozilishni kutib o'tirgan yigitlar, 14-iyun, 2014

Bag'dodda armiyaga yozilishni kutib o'tirgan yigitlar, 14-iyun, 2014

Oq uy Iroqqa terrorizmga nisbatan chora ko’rishda ko’maklashib, harbiy jihatdan madad ko’rsatishga hoziru nozir. Lekin askar yubormoqchi emas.

Iroq shimolida jangari kuchlar, o'zini "Iroq va Shom islomiy davlati" deb atovchi guruh, shahar va qishloqlarga bostirib kirib, hukmronlikni qo’lga olar ekan, minglab fuqarolar ularga qarshi kurashga otlanmoqda.

Yigitlar ko’ngilli xizmatga tayyor ekanini aytib, harbiy idoralarda navbatda turibdi. Qurol bering, ekstremist kuchlarga qarshi kurashamiz, deydi ular.

Iroq oliy peshvosi Oyatulla Ali al-Sistaniy mutaassib guruhlarni yo’q qilish kerak deya undagach, mamlakat bo’ylab yoshlar hukumatga murojaat qila boshlagan.

“Vatanimizni terrorchilardan tozalash kerak”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan iroqliklardan biri. "Muqaddas dargohlarimizga ular qadam bosmasin”,- deydi bir yigit.

Bosh vazir Nuri al-Malikiyning aytishicha, ko’ngilli xizmatchilar uchun sharoit yaratiladi va ular armiyaga qo’shilishi mumkin.

Shimolda esa yuzlab askarlar formasini tashlab, jangarilar tomonga o’tib ketgan. Hukumat ular ushlanib, jazolanadi deya ogohlantirmoqda.

Sotqinlikka uzoq qamoq yoki o’lim bilan javob beriladi, deydi al-Malikiy.

Bu orada Eron Iroqqa sunniy jangarilarga qarshi kurashda yordam berishga shay ekanini bildirmoqda. Bu yo’lda Tehron hatto uzoq yillik dushman davlat Amerika bilan ham hamkorlikka tayyor.

Oq uy Iroqqa terrorizmga nisbatan chora ko’rishda ko’maklashib, harbiy jihatdan madad ko’rsatishga hoziru nozir.

Prezident Barak Obama askar yubormoqchi emas, lekin “Iroqni quvvatlaymiz,” deydi.

Obama fikricha Iroqdagi murakkab vaziyatga hukumatning tarqoq ekani sababdir. Mazhablararo kelishmovchiliklarni hal eta olmadi, birdamlikka urg’u bermadi, fuqaro tengligini ta’minlash uchun sidqidildan harakat qilmadi, deydi Obama Bag’dodni tanqid ostiga olar ekan.

Iroq hukumati o’z siyosatini qayta ko’rib chiqmas ekan, bu davlatga yordamdan naf yo’q, deydi Amerika rahbari.

Ekstremist kuchlar asosan kurdlar yashovchi Mosul shahrini egallab olgan. Iroq islomiy tuzumga aylanadi va katta shaharlar birma-bir bizning qo’limizga o’tadi, deydi jangarilar.

BMT taxminicha, Iroqda o’tgan kunlar ichida mingga yaqin odam o’lgan bo’lishi mumkin. Jangarilar hukumat tarafini olgan fuqarolarni birma-bir o’ldirmoqda, deydi tashkilot xodimlari.

Nuri al-Malikiy parlamentdan favqulodda vaziyat e’lon qilishni so’ramoqda. Sunniy va kurd qonunchilar ovoz berishdan bosh tortgan. Ular bosh vazirni diskriminatsiya va adolatsizlikda ayblaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG