Xalqaro Amnistiya: Iroqda inson huquqlari toptalishi davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqda Saddam Hussaynning hokimiyatdan ag’darilganiga o’n yil bo’ldi. Biroq mamlakatda inson huquqlari buzilishi hollari hamon keng tarqalgan, deyiladi Londonda joylashgan “Xalqaro Amnistiya” xalqaro inson huquqlarining dushanba kuni e’lon qilingan hisobotida.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Iroq xavfsizlik xizmati va AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan hibsga olingan va qamalganlarning huquqlari toptalishi hollarini o’rganib chiqdi.

Iroqqa bostirib kirishning asosiy sabablaridan biri Saddam Hussayn davrida bu mamlakat fuqarolari erkinliklarining cheklangani edi. Lekin yangi hokimiyat o’rnatilganidan buyon ham adliya tizimini isloh qilish borasida jiddiy siljish yo’q, deydi tashkilotning Iroq bo’yicha tahlilchisi Karsten Yurgensen.

“Bir tomondan iroqliklar Saddam Hussayn davriga qaraganda ko’proq erkinliklarga ega. Lekin Iroqda qonun ustuvorligi va inson huquqlari to’la hurmat qilinadigan davlat hali barpo etilganicha yo’q”, - deydi u.

Hukumatga qarshi kurash olib borayotgan guruhlar, xususan, al-Qoidaga aloqador jangarilar Iroq xavfsizligiga jiddiy tahdid solish bilan birga inson huquqlarini ham muntazam buzib kelmoqda, deydi Yurgensen.

“Xalqaro Amnistiya” Iroq rahbariyatini xalqaro inson huquqlari konvensiyalariga rioya qilishga undamoqda. Hisobotda minglab iroqliklar sudsiz hibsda saqlanayotgani tilga olingan.

2004-yilda o’lim jazosi qayta tiklanganidan buyon Iroq oliy jazoga tortilgan odamlar soni ko’pligi bo’yicha dunyoda yetakchilar ro’yxatiga kirdi. O’tgan yili bu yerda 129 odam dorga osildi.

Mahbuslarga qiynoq qo’llash ham keng yoyilgan, deydi Yurgensen:

“Odamlar aybiga iqror bo’lishi uchun qiynoqqa solinadi. So’ngra mahbus sudga tortiladi va unga nisbatan og’ir jazo qo’llaniladi, shu jumladan o’lim jazosi. Biz ko’plab shunday hollarga duch keldik, ularni hujjatlar bilan isbotladik”, - deydi huquq faoli.

Iroq hukumati hozircha “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti hisobotiga munosabat bildirgani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG