Admiral Mullen: "Iroq AQSh qo'shinlari maqomi bo'yicha bir qarorga tezroq kelishi kerak

  • Amerika Ovozi

Admiral Mullen Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy bilan Bag'dodda uchrashmoqda, 1-avgust, 2011-yil

Admiral Mullen Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy bilan Bag'dodda uchrashmoqda, 1-avgust, 2011-yil

AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi qo'mondoni admiral Mayk Mullenning aytishicha, agar Iroq hukumati Amerika qo'shinlarini mamlakatda uzoqroq muddatga qoldirmoqchi bo'lsa, ularning qonun oldida daxlsizligini kafolatlashi kerak.

Ikki davlat kelishuviga ko'ra, AQSh kuchlari yil oxirigacha Iroqdan chiqishi lozim. Ammo so'nggi paytda mamlakatda zo'ravonliklar kuchaygan. Rasmiy Bag'dod Qo'shma Shtatlardan askarlarini qoldirishni so'rashi mumkin. Ayni damda Iroq hukumatida ushbu masala muhokamada.

Admiral Mullen Bag'dodni tezroq qaror qilishga chaqirmoqda. Qo'shinlarni olib chiqish jarayoni boshlanganidan so'ng ortga qaytishga kech bo'ladi, deydi u.

Bugun Iroq shimolidagi Kirkuk shahrida cherkov yonida mashina portlab, kamida 23 kishi jarohat olgan. Cherkov va yaqin atrofdagi bir necha uy zarar ko'rgan.

Iroqda 2003-yilda boshlangan urushdan oldin 1,2 million nasroniy yashar edi. Aksariyati al-Qoidaga aloqador jangarilardan saqlash uchun mamlakatni tark etgani aytiladi.

2010-yilda al-Qoida Bag'dodda cherkovni qamalga olib, 46 kishini o'ldirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG