Amerika mudofaa vaziri Iroqqa safar qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Pentagon rahbari Eshton Karter, Iroq Mudofaa vaziri Holid al-Obidiy bilan ko'rishayapti. Bag'dod, 11-iyul, 2016-yil.

Pentagon rahbari Eshton Karter, Iroq Mudofaa vaziri Holid al-Obidiy bilan ko'rishayapti. Bag'dod, 11-iyul, 2016-yil.

Iroq qurolli kuchlari Mosul shahri yaqinidagi yirik aviabazani egalladi. "Islomiy davlat" to'dasini mag'lub etish yo'lidagi muhim qadamlardan bu, deydi Amerika mudofaa rasmiylari.

Pentagon rahbari Eshton Karter Iroqqa borib, mahalliy rasmiylar va Amerika harbiylari bilan kelgusi jangovar harakatlar haqida gaplashmoqda.

Mosuldan 60 kilometr janubdagi Qayyara aviabazasi endi Iroq armiyasi qo'lida, deydi Karter. Demak, Mosul tevaragida logistika va havo qatnovini nazorat qilish osonlashadi.

"Aviabazaning strategik joylashuvi uchun ham katta yutuq bu", - deydi rasmiylar.

Mudofaa vaziri lavozimida Iroqqa to'rtinch bor borayotgan Karter Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy, Mudofaa vaziri Xolid al-Obidiy bilan ko'rishadi va Iroq Kurdistoni rahbari Masud Barzaniy bilan telefonda gaplashadi.

10 bandlik reja

Dekabr va yanvarda Prezident Barak Obama va Karter 10 strategik maqsadni ishlab chiqqan edi. Ba'zilari geografik, ba'zilari funksional bo'lib, bari Iroq qurolli kuchlari, kurd peshmerga jangchilari va Suriya isyonchilari Raqqa hamda Mosulga kirishidan oldin amalga oshishi kerak edi.

Bu ikki shahar "Islomiy davlat" guruhining Iroq va Suriyadagi qarorgohlari sanaladi.

Iroqning Hit, Rupta va Ramadi shaharlarini egallash ana shunday maqsadlardan biri edi, deydi Amerika rasmiylari. Mosulni egallash uchun esa Mahmur shahrida baza ochildi.

Suriyada esa Raqqa va Iroqdagi Mosulni ulaydigan Suriyaning Shaddodiy shahri ham jangarilardan tortib olindi. "Islomiy davlat" to'dasining ta'minot tizimini uzish va jangarilar qatnovini to'xtatish uchun qilindi bu ishlar.

Amerika mashqidan o'tgan muxolif kuchlar, bu orada, Suriyaning Manbij shahrini qurshab oldi.

Suriya shimoli-sharqida isyonchilarni mashqdan o'tkazib, moliyalash dasturi yana ishga tushdi. 10 bandlik strategik rejaning bir qismi bu, deydi rasmiylar.

Mosulni qo'lga kiritishdan oldin janubi-sharqda Mahmur, janubi-sharqda Qayyara nazoratga olinishi kerak edi. Amerikaning kamsonli qo'shinlari bu manzillarni ko'zdan kechirib, baza ta'sis etishga yordam berdi. Biroq amerikalik askarlar bu manzillarda uzoq qolib o'tirmadi.

Iroq armiyasi Qayyara uchun qattiq kurashdi, buning uchun keng ko'lamli qurol-aslaha safarbar qilindi.

Shu bilan birga, kurdlarning peshmerga brigadasi shimoldan jangarilarni siquvga olayapti.

Eshton Karter o'tgan safar Iroqqa borganida kurd askarlariga 415 million dollar yordam ajratilishini e'lon qilgan edi. Jahonda neft bahosi keskin pasayishi ortidan Kurdiston iqtisodiyoti zarar ko'rgan, Amerika shu tariqa yordam uzatishga qaror qilgan edi. AQSh, shuningdek, mahalliy kuchlardan iborat 12 brigadani harbiy mashqdan o'tkazishga muvaffaq bo'ldi.

Amerika ko'proq madad uzatadi

Amerikaning tan olishicha, bu brigadalar muntazam qo'shimcha treningdan o'tkazilishi kerak. Misol uchun, Ramadi shahriga kiraverishda yo'lda portlovchi moslamalar qayta-qayta uchrab, ularni zararsizlantirishga to'g'ri keldi. Ana shunda Amerika kuchlari mahalliy askarlarga bu yangi ko'nikmani o'rgatdi.

Amerikaning texnikaviy, muhandislik madadi bundan keyin ham kerak bo'ladi. Chunki "Islomiy davlat" guruhi Mosulga boradigan ko'priklarni portlatib yuborgan. Bundan tashqari, jangarilar shaharlardan haydab solingach, mahalliy politsiyani ham mashqdan o'tkazishda AQSh ko'magi kerak bo'ladi.

Iroq armiyasi hozirgacha ko'rsatilgan yordamdan unumli foydalansa, Bosh vazir Abadiy qo'shimcha madad so'rasa, ha deymiz, deydi Karter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG