Breaking News

O'zbekistonliklar Iroq tinchib ketadi degan fikrdan ancha uzoq


AQSh prezidenti Barak Obama bugun nutq so’zlab, Iroqdagi urush, harbiy missiyaning tugashi, askarlarning vatanga qaytishi haqida to’xtaladi.

Prezident urushni tugatish va’damning ustidan chiqdim, desa-da, ba’zilar yana 50 ming zobit va minglab kontraktorlar hali ham Iroqda, askar yigit-qizlar hamon o’qqa tutilmoqda, deb e’tiroz bildiradi.

O’zbekistonda Iroqqa qo’shin tortish va endi ularni olib chiqish qarori haqida turlicha fikrlar bor. Muxbirimiz Malik Mansur ziyoli, faollarni suhbatda tortdi.

Urush O'zbekistonda turli munozaralarga sabab bo'lgani ko'pchilikning yodida.

“AQSh bombardimon qilishi, Saddam Hussayn hukumatining ag'darilishini ko'pchilik Amerika musulmon davlatiga urush boshladi deb baholagan edi. Munosabatlar turlicha edi. Saddam Hussayn shaxsidan, uning faoliyatidan xabardor bo'lgan kishilar bunday rejimni allaqachon ag'darib tashlash kerak edi degan fikrlarni ham aytishgan”, - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar deydiki, Hussaynning o'lishi bilan muammolar barham topmadi, aksincha.

“Hozir ham eshitib turibmiz portlashlar, qurbonlar haqida. O'zaro kurash juda kuchaygan. Ehtimol, Amerikaning maqsadi bo'lib, shu maqsadga erishgandir. Dunyo jamoatchiligi u yerda tinchlik o'rnatilishini kutgan edi. Shu tinchlik ko'rinmaydi. Shialar, sunniylar, kurdlar masalasi avvalgidan ham og'irlashgan”, - deydi olim.

AQSh jangovar qo'shinlari 1 sentabrgacha Iroqdan ketishi kerak. Prezident Jorj Bush davrida boshlangan urush Barak Obama paytida yakun topmoqda. Iroqdagi vaziyat esa hamon shubhali ko'riladi.

“O'zbekistonliklar Iroqda vaziyat barqarorlashdi degan fikrdan ancha uzoq. Qirg'iziston hukumatining janubda vaziyat barqarorlashdi deb yolg'on gapirayotganini ko'rib turganimizdek, Iroqdagi vaziyat ham xuddi shunday”, - deydi Abdusalom Ergashev.

Mulohazlarga ko'ra, AQSh, ayniqsa, Bush davrida islom dunyosiga nisbatan keskin harakatlarni amalga oshirdi. Abdusattor Jumanzarning aytishicha, Obamani islom dunyosi bilan munosabatlarni tiklashiga umid bor.

“Bushda butun islom dunyosiga nisbatan emas, faqat Iroqqa nisbatan bir qasd bor edi nazarimda. Obama davlat tepasiga kelgandan buyon biron keskin harakatlar qilayotgani yo'q. Aksincha, xalqlarda o'zaro tushunish bo'lishiga harakat qilayapti. Har holda, Obama haqida yaxshi gaplar aytilayapti. Bushda keskinlik ko'p bo'lgani bilan, masalan, Isroilga nisbatan biror ta’sir o'tkaza olmadi-ku!” - deydi olim.

Iroqqa urush ochish qarori, asosan, AQSh razvedkasining Iroqda ommaviy qirg'in quroli borligi haqidagi ma'lumotlariga asoslangan edi. Iroq ishg'ol qilingandan keyin qurol topilmadi.

Sobiq rahbar Saddam Hussayn ommaviy qotilliklarda ayblanib, o'lim jazosiga hukm qilindi.

Tahlilchilar nazarida Iroqda diktatura qulab, demokratiya o’rnatilganini ta'kidlash qiyin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG