AQSh armiyasi ketmoqda. Iroq o’zini mudofaa qilishga qodirmi?

  • Amerika Ovozi

AQSh generali Rey Odiyerno fikricha, Iroq armiyasi xavfsizlikni ta’minlashga tayyor. Amerika askarlari vatanga qaytar ekan, albatta, yaqin bir necha oy og’ir kechishi mumkin, deydi general.

Oxirgi uch kunda xurujlarda 55 kishi halok bo’lgan. Bugun Bag’dodda politsiya mahkamasi nishonga olingan.

General Odiyerno -- AQShning Iroqdagi qo’mondoni. Mahalliy armiya sekin-asta mas’uliyatni zimmasiga olmoqda va sentyabrgacha mahkam oyoqqa turib olishi aniq, deydi u.

General nazarida Iroqda siyosiy partiyalar tezroq yangi hukumat tuzishi kerak. Parlament saylovlaridan besh oy o’tib ham ishni paysalga solaverish oqibatida yurt tinchi buzildi, deydi u. Saylovlar mart oyida bo’lib o’tgan edi.

Ekstremist kuchlar hali ham faol va hukumat zaifligidan foydalanmoqda, deydi general.

Bugun Bag’dodda politsiya mahkamasi yaqinida portlash ro’y berib, ikki odam halok bo’lgan, to’qqiz kishi jarohatlangan.

O’tgan shanba va yakshanbada xurujlar kamida 50 odamni hayotdan olib ketgan. Dastlab, Ramadi shahrida politsiya patruli nishonga olingan. O’lganlarning ko’pi nafaqadagi kishilar, pochtaga maosh olish uchun kelgan fuqarolar ekani ma’lum.

Shaharliklar nazarida hukumat ishni eplay olmayapti, aholini himoya qilishga ojizlik qilmoqda. Armiyada xizmat qilayotgan yigitlarning ko’pi maktabni bitirmagan, xat-savodi yo’q, deydi ular. Hukumat qurolli kuchlar safiga oliy ma’lumotli, ishning ko’zini ham biladigan odamlarni yollasin, deydi Ramadi shahri fuqarolaridan biri.

Kuni-kecha shialar yashovchi Basra shahridagi gavjum bozor portlashdan larzaga kelib, kamida 40 kishi nobud bo’lgan edi. Shaharliklar davlat arboblaridan g’azabda. Basra xavfsizlik xizmati rasmiysi Ali al-Malikiy AQSh kuchlari yordamiga muhtojmiz, deydi.

Uning aytishicha, Amerika harbiylari mahalliy armiyani, razvedka xizmatini tayyorgarlikdan o’tkazishi kerak. Xurujning oldini olishni o’rganishda gap ko’p, deydi u.

O’tgan shanba Qo’shma Shtatlar Iroqdagi bazalarni to’liq mahalliy kuchlar zimmasiga topshirgan. Kuzga borib esa mamlakatda faqat 50 ming amerikalik askar qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG