Iroqda yana xuruj. AQSh harbiy yordam taklif etmoqda

  • Amerika Ovozi

Bugun Iroqning Kirkuk rayonida portlovchi modda ortilgan yuk mashinasi politsiya mahkamasining yonida portlashi oqibatida kamida ikki odam o’lgan, 40 nafari jarohat olgan.

Mamlakatni so’nggi kunlarda zo’ravonliklar qamrab olgan. Yakshanba kuni Ramadida xavfsizlik kuchlari al-Qoida jangarilari bilan olishib, 34 odam nobud bo’lgan.

Ramadining bir qismi va Falluja jangarilar qo’lida ekan, armiya ularga qarshi hujumga hozirlanmoqda. Ammo bosh vazir Nuri al-Malikiy aholi orasida talofatlarni kamaytirish uchun Falluja ahli va qabilalaridan o’z kuchi bilan ularni quvib chiqarishni so’rab, hujumni kechiktirgan. Natijada o’nlab oilalar shaharni tark etgan.

Oq uy so’zlovchisi Jey Karnining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Iroq hukumatiga jangarilarga qarshi kurashda yordam berishga tayyor. Xususan, Bag’dodga pilotsiz razvedkachi samolyotlar va raketalar beriladi.

AQSh Senatidagi ayrim qonunchilar nazarida Iroqda xavfsizlikning yomonlashishi sababini Amerika harbiylarining mamlakatdan chiqarilishida ko'rish kerak.

Jey Karnining aytishicha, qo'shinlar borligida ham Iroqda mazhablararo zo'ravonliklar kuzatilar edi.

"Balki senatorlar bugun Fallujada amerikalik askarlar jang qilib, nobud bo'lishini xohlashayotgandir", - dedi Oq uy matbuot kotibi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG