Kurdiston poytaxti iqtisodiyoti tez rivojlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Iroq tarkibidagi Kurdiston avtonom viloyati poytaxti Irbil so’nggi yillarda katta o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda. 10 yil avval diktator Saddam Husaynning uzoq yillik jabridan ko’p aziyat chekkan ko’rimsiz bir shahar edi. Saddam rejimi qulagandan beri Kurdiston poytaxtiga barqarorlik va katta miqdorda investitsiya kirib keldi.

Irbil ko’hna shahar, 4000 yillik tarixga ega. Azaldan savdo markazi sifatida Eron va Turkiyani bog’lovchi ko’prik vazifasini bajargan.

Hatto 10 yil oldin ham Irbil, asosan, paxsa uy va binolardan iborat kichik shahar edi. Hozir esa u hayratlanarli darajada katta o’zgarishlarga yuz tutdi. Baland imoratlar bugun butun shahar bo’ylab qad ko’targan.

Ulardan biri “Van Royal” mehmonxonasi. Mehmonxona boshqaruvchisi Shavin Osman Farajning aytishicha, Irbilda bunday hashamatli mehmonxonalarning qurilishi tabiiy hol.

“Kurdiston, ayniqsa, Irbil imkoniyatlar yeri. Shuning uchun bu mehmonxonani qurdik. Bu yerda iqtisodiyot katta va borgan sari yanada kattalashib bormoqda”, - deydi u.

Buning asosiy sabablaridan biri shuki, avtonom Kurdiston hukumati mamlakatning bu qismida tinchlik va barqarorlikni saqlab kelmoqda. Natijada mamlakatga sarmoya oqimi oshgan. 2011-yil viloyat yalpi ichki mahsuloti 20 milliard dollarni tashkil qilgan bo’lsa, oradan uch yil o’tib bu miqdor, mahalliy rasmiylar va biznes ahli hisobiga ko’ra, yanada oshgan.

Iqtisodiy o’sish odamlar farovonligiga ham o’z hissasini qo’shmoqda. Shahar ko’chalarida tez-tez ko’zga tashlanadigan qimmatbaho avtomobillar shundan dalolat.

“Jaguar Land Rover” avtosalonida ishlovchi Kris Vardning aytishicha, har kuni odamlar mashina sotib olish uchun xalta to’la pullar bilan kelishadi. Hukumat biznes uchun yaratayotgan sharoit tufayli odamlar yaxshi daromad qilyapti, deydi u.

“Ular tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash, sarmoyachida ishonch uyg’otish hamda biznes yuritishning mustahkam asoslarini yaratish uchun qator qonun va qoidalarni qabul qilishgan. Ilgarigi salbiy tashqi ta’sirlar bu yerda endi bo’lmaydi”, - deydi u.

Kurdiston prezidenti Mas’ud Barzaniy viloyatni Iroqdan mustaqil bo’lib ajrab chiqishi haqida referendum o’tkazishni rejalamoqda. Ammo, avval, bu nozik masalani Bag’dod bilan maslahatlashish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG