Afg'onistonda "Islomiy davlat" jangarilari kamaygan

  • Amerika Ovozi

Afg'on kuchlari, Nangarhor viloyati

Afg'on kuchlari, Nangarhor viloyati

"Islomiy davlat" terrorchi guruhi Afg'onistonda bosib olgan yerlarini birma-bir boy berayapti. Bundan uch oy ilgari guruh a'zolari olti-sakkiz viloyatda faol edi, bugun ikki-uchtasida qolgan xolos, deydi NATO rasmiysi general Charlz Klivlend.

AQSh qo'shinlari Afg'onistonda, asosan, al-Qoidaga qarshi kurash bilan band, ammo "Islomiy davlat" bu o'lkada o'z bayrog'ini ko'targanidan keyin jangovar missiya kengaytirilgan.

"Bugun jihodchilar Kunor, Nuriston va hatto G'azni viloyatlariga kirish harakatida. Bu hududlarni bosib olish uchun emas, ular sarosimada, jon talvasasida", - deydi harbiy.

General Klivlend AQSh Mudofaa vazirligida yig'ilgan jurnalistlar bilan Kobuldan turib video muloqot qildi.

Afg'onistonda "Islomiy davlat"ning uch minggacha a'zosi qolgan bo'lishi mumkin, aksariyati guruhga qo'shilgan toliblar hamda O'zbekiston Islomiy harakati a'zolari. Ular afg'on-Pokiston chegara hududlarida yashiringan.

Yil boshidan beri NATO kuchlari "Islomiy davlat"ga qarshi 70-80 aksil-terror amaliyotlari o'tkazgan. Guruh chekinmoqda, lekin unga hamon jiddiy tahdid deb qaraymiz, deydi general Klivlend.

Afg'oniston armiyasi ham bu yil bahordan hujumlarga zo'r berib, jangarilarga nisbatan bosimni oshirmoqda. Armiya o'tgan yili 5,500 askarga kamaydi, biroq Iroqda bo'lgani kabi tarqalib ketmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG