Breaking News

Zaiflashayotgan "Islomiy davlat" bolalarni nishonga olmoqda


"Islomiy davlat" maktabida tahsil olayotgan bola "kim shahid bo'ladi?" degan savolga javoban qo'lini ko'tardi
"Islomiy davlat" maktabida tahsil olayotgan bola "kim shahid bo'ladi?" degan savolga javoban qo'lini ko'tardi

Harbiy jabhada chekinayotgan va moliyaviy muammolarga yuz tutgan “Islomiy davlat” bolalar tafakkuriga o'z g'oyalarini tezroq o'tkazishga harakat qilmoqda. Iroq, Suriya, Afg’oniston va boshqa joylardagi sinfxonalarda hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali G’arbga qarshi g'oyalar, xalifalik va jihod mafkurasi bolalar ongiga singdirilmoqda. Internetdagi targ’ibot o’nlab tillarda va turli ijtimoiy tarmoqlarda olib boriladi.

Mutaxassislar fikricha, bunday faoliyat uzoq kelajakda, guruh hozirda nazorat qilayotgan hududlardan haydab chiqarilganidan keyin ham ta’sir qilishda davom etadi.

“Islomiy davlat”ning Suriya va Iroqdagi faoliyati davom etmagan taqdirda ham yosh avlod radikal mafkura ta’sirida qoladi”, - deydi Vajiha.

U to’da nazoratiga o’tishidan oldin Deyr Ezzor shahridagi boshlang’ich maktabda o’qituvchilik qilgan.

“Islomiy davlat” mafkurasi

Hozirda Turkiyadagi qochqinlar lagerlarida yosh avlodga bilim berayotgan muallima to’da maqsadi bolalarni shunchaki janglarga jalb etish emas, balki ular ongiga jihod va xalifalik g’oyalarini singdirishdan iborat, deydi.

Suriyaning Raqqa, Iroqning Mosul shaharlari va Afg’onistonning Nangarhor viloyati va hatto Indoneziyada “Islomiy davlat” jangarilari sinflarni har kuni yoki kun ora tekshirib chiqadi. “Xalifalik bolalari” lagerlari faoliyat yuritmoqda. Nangarhorda guruhga tegishli kamida sakkizta madrasa bor.

Bu maktablarga qizlar ham borishi mumkin, lekin o’g’il bolalar bilan bir vaqtda emas. O’qituvchilar ham Afg’oniston Ta’lim vazirligidan, ham “Islomiy davlat”dan maosh oladi, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda afg’onlar.

Afg’on Ta’lim vazirligi rasmiylari mamlakatning ayrim hududlarida “Islomiy davlat”ga tegishli maktablar borligini e’tirof etdi, ammo o’qituvchilar olayotgan maosh haqida ma'lumot berishdan bosh tortdi.

Afg’onistonning Achin mintaqasida “Islomiy davlat”ga qarashli beshta madrasa bor. Bu maktablarga farzandlarini yuborishdan bosh tortgan ota-onalarga jarima solinadi.

“Islomiy davlat” ta’lim dasturi

To’da nazoratidagi barcha hududlarda “Islomiy davlat” ta’lim dasturi qo’llaniladi.

Bundan ikki yil avval Mosulga jangarilar kirib kelishi bilanoq maktab programmasini bekor qilgan va o’z mafkurasiga asoslangan yangi dasturni kiritgan edi.

“Darslarda bolalarga quroldan foydalanish o’rgatiladi. Yosh o’g’il bolalarga o’zini portlatib, shahid bo’lish o’rgatiladi. Bunga qarshi chiqqan o’qituvchilar hibsga olindi, ayrimlari o’ldirildi”, - deydi Kurdiston Demokratik partiyasidan Ismat Rajab.

“Ilgari xudkush bombachilarning aksariyati xorijiy jangarilar edi. Endi esa mosullik o’smirlar”, - deydi u.

Bu bolalarni qanday qilib to’g’ri yo’la qaytaramiz, deydi xavotir bilan suhbatdosh. “Islomiy davlat” Mosuldan haydalsa ham, ongi o’zgargan bolalar shu yerda qoladi.

To’da ayrim bolalarni yanada radikal mafkuraga o’qitish maqsadida Iroqdan Suriyaga ko’chirgan. Yuzlab yazidiy bolalar Suriyada qulga aylangan.

Xudkush bombachilarni tayyorlash

“Islomiy davlat” poytaxti Raqqada yazidiy bolalar islomni qabul qilishga majburlanmoqda. Ularga qurol va xudkushchilar belbog’idan foydalanish o’rgatilmoqda.

“Biz saharda, soat to’rtda namozga turamiz, keyin sakkizgacha yana uxlaymiz. Soat 8 dan 9 gacha nonushta. So’ngra 12 gacha Qur’onni o‘rganamiz. Tushlik qilib bo’lgach, soat 17:00 gacha qurollarni o’rgatishadi. Qora matodan belbog'lar kiyib yurdik. Belbog tagida esa portlovchi moslama bor edi”, - deya hikoya qilib bergan edi 12 yashar bir yazidiy bola o’tgan yili “Amerika Ovozi”ga.

Bola Turkiya chegarasigacha qochishga muvaffaq bo’lgan va kurd jangchilari tomonidan qutqarilgan. Hozir u Germaniyada, qochqinlar dasturi doirasida yordam olmoqda.

2015-yilda Raqqada “Islomiy davlat” o’g’il bolalar uchun kamida 12 ta va qizlar uchun 12 ta maktab ochgan.

Asosiy e’tibor yoshi 6 dan 10 gacha bo’lgan bolalarga beriladi.

“Islomiy davlat” mafkurasidan tashqari boshqa hech narsani bilmaydigan avlod vujudga keldi, - deydi bir faol.

Farzandini bunday maktabga berishdan bosh tortgan ota-ona 50 dollardan 500 dollargacha jarima to’lashga majbur. To’lay olmaganlar esa bolalarini harbiy mashqlardan o’tishi uchun lagerda qoldirishga majbur.

Ijtimoiy tarmoqlar qudrati

“Islomiy davlat” bolalarni o’qitishda ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda.

Yaqinda guruh arab tilini o’rgatish va islomga oid bilim berish maqsadida mobil telefon dasturini ishga tushirdi. Unda qo’shiqlarni yodlash uchun o’yinlar bor. Qo’shiqlar esa kofirlarga qarshi jihod haqida.

“Facebook” va “Twitter” kabi tarmoqlar jihodchi sahifalarni yoq qilishga urinsa-da, mutaxassislarga ko’ra, guruhning internetdagi faoliyati kengaymoqda.

“Ular internet bo’yicha yuqori malakali ekspertlar jamoasiga ega”, - deydi kiber-xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Dilshod Usmon.

“Islomiy davlat”ga tegishli ijtimoiy tarmoqlarda Orlando otishmasidan keyin “Tabriklaymiz” degan plakatni ko’tarib tushgan bolalar rasmi tarqatildi.

“Yosh bolalar ongiga o’z mafkurasini singdirar ekan, ular bolalarning kelajakda jangariga aylanishini istaydi va shunga tayyorlamoqda”, - deydi Usmon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG