Gomoseksual insonlar hayotiga tahdid kuchli

  • Amerika Ovozi

Orlandodagi otishmadan keyin gomofobiyaga qarshi namoyish

Orlandodagi otishmadan keyin gomofobiyaga qarshi namoyish

G’arb mamlakatlarida tungi klublar, restoran, bar, kurort va konsert zallari ilgari ham “Islomiy davlat”ga a’zo yoki bu to'da mafkurasidan ilhom olgan jangarilar nishoni bo’lgan. Ammo Florida shtatidagi otishma xususan gomoseksual odamlarga qarshi qaratildi.

Bundan buyon ham ushbu toifadagi odamlar yig’iladigan joylarga hujumlar uyushtirilishi mumkin, deya ogohlantirmoqda tahlilchilar.

“Tungi klublar jihodchilar uchun asosiy nishonlardan biri”, - deydi xavfsizlik va geosiyosat bo’yicha mutaxassis Olivye Gitta.

Shu yilning fevral oyida Fransiyada tungi klubga hujum rejagan jihodchilar hibsga olingan edi.

Mana ikki yildirki Suriya va Iroqning “Islomiy davlat” nazoratidagi hududlarida gomoseksuallar o’ldiriladi.

Geylar toshbo’ron qilingan, binolardan uloqtirilgan, aholi esa buni tomosha qilishga majburlangan. Ba’zida mahalliy aholi ham qotillarga qo'shilib, geylarni toshbo’ron qilgan.

O’tgan oyda “Islomiy davlat” targ’ibotchilari Suriyaning Manbij shahrida gey ekani aytilgan erkakning qatl etilgani tasvirlangan suratlarni tarqatdi.

Tashkil etilgan qatl etish hollari

Olomon guvohligida “aybdorlar”ni qatl etib, suratlarni internetga chiqarishdan maqsad – mahalliy aholini qo’rqitish va o’z siyosatiga buysuntirish. Geylarni jazolash - jihodchilar uchun oliy maqsadlardan biri. Terrorchilar bu insonlarni siyosiy dushmanlar bilan birdek tahlikali deb ko’radi.

2015-yil aprelida Suriya shimolida jihodchilar geyligi aytilgan ikki erkakni toshbo’ron qilib o’ldirgan. Internetda tarqatilgan fotosuratlarda ko’zi bog'langan ikki erkakning cho’lda yonma-yon turgani va jihodchilar buni tomosha qilayotgani tasvirlangan. Qurbonlarning biri, kulrang charm kurtka kiygan jingalak sochli, soqolli erkakning yelkasida qotil qo’li. Qurbon qarshilik ko’rsatmayapti. Balki narkotiklar berilgani sabablidir, deydi mutaxassislar. Yana bir suratda qotillar qurbonlarni quchoqlab turibdi (bu - "aybdorlarni" avf etish va so’nggi yo’lga kuzatish ramzi, deydi mutaxassislar). Yana birida jarohatlangan ikki tana yerda cho’zilib yotibdi, to’rt qotil esa tosh otishda davom etyapti.

Al-Nusra ham geylarni nishonga oladi

O’tgan yili avgust oyida Suriya va Iroqdan qochib chiqqan gomoseksual erkaklar BMT Xavfsizlik kengashiga jihodchilar nazorati ostida geylar hayoti haqida gapirib bergan edi. “Islomiy davlat” geylarni nishonga olayotgan yagona guruh emas. Al-Qoidaga aloqador Jabhat al-Nusra ham shunday to'dalardan biri.

Avval Livan, so’ngra Turkiyaga qochib o’tgan suriyalik Subhi Nahasning aytishicha, al-Nusra jangarilari Idlib shahrini qo’lga olganida gey deb hisoblangan erkaklarga ov boshlagan. Qo’lga tushganlar avval qattiq qiynoqqa solingan, so’nga o’ldirilgan.

“Mening holim ham shunday bo'lishi mumkin edi, - dedi u BMT Xavfsizlik kengashiga. – Men ko’chaga chiqishga qo’rqardim. Uyimda ham qo’rqdim, chunki otam mening geyligimni tushungan edi. Iyagimda hamon chandiq bor. Otam geyligimni bilib, jahli chiqqanida meni urgan”.

“Islomiy davlat” va al-Nusra a'zolari "geylarni o’ldirish kerak, dinimiz buni taqozo etadi", deya ishonadi, ikkilanish yo'q.

Bahslar faqat o’ldirish uslublari haqida boradi. Orlandodagi otishmani uyushtirgan Umar Siddiqiy Matin ham shu mafkuradan ilhom olgan bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG