AQSh: Bag'dodiyni ushlashda yordam berganga 25 million dollar

  • Amerika Ovozi

Abu Bakr al-Bag'dodiy, 2014-yilning iyul oyida olingan surat

Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" terror tizimi yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiyni qo'lga tushirishda yordamlashgan tomonga 25 million dollar va'da qilmoqda.

Bu insonni topish yoki hibsga olish yo'lida foydali ma'lumot uzatgan shaxs yoki tomon ulkan mukofot bilan taqdirlanadi, deydi rasmiylar. Bungacha mukofot puli 15 million dollar edi.

Davlat departmenti bayonotida qayd etilishicha, Bag'dodiy minglab odamlarning o'limida aybdor, shuningdek, amerikalik, yevropalik va osiyolik o'nlab mahbuslarni qiynoqqa solib o'ldirishni buyurgan.

"Islomiy davlat"ni Amerika eng qabih, noinsoniy va shafqatsiz guruh deb hisoblaydi.

Bag'dodiy o'zini ikki yil oldin bu tashkilotning lideri deb e'lon qilgan. Odatda ko'zga kam ko'rinadi. O'tgan oy Iroqning Musul shahrida armiya bu guruhga qarshi maxsus operatsiya boshlaganida audio murojaat bilan chiqib, tarafdorlarini "oxirgi tomchi qoni qolgunicha" kurashishga undagan edi.

Uning ayni damda Iroq-Suriya chegarasida ekani taxmin qilinadi. Bir necha bor yaralangan. Bag'dodiy o'ldi degan gaplar ham tarqalgan lekin isbotini topmagan.

2014-yilning yozida qilgan murojaatida Bag'dodiy musulmonlarni qo'lga qurol olib, islom sha'ni uchun urushga chorlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG